
Mirziyoyev 30 avgust kuni rasmiy tashrif bilan Xitoyga yo‘l oladi
30.08.2025 | 07:4523162
O‘zbekiston prezidenti Shanhay hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etib, Si Jinping bilan muzokaralar olib boradi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 30 avgustdan 3 sentyabrgacha Xitoy Xalq Respublikasiga rasmiy tashrif buyuradi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi. Tashrif Xitoy raisi Si Jinpingning taklifiga binoan amalga oshiriladi.
31 avgust — 1 sentyabr kunlari Mirziyoyev Tianjin shahrida o‘tadigan Shanhay hamkorlik tashkiloti davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishida hamda «SHHT plyus» formatidagi sammitda ishtirok etadi.
Kun tartibida xavfsizlik, raqamli iqtisodiyot, yashil sanoat, energetika, turizm va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi. Sammit yakunida Tianjin deklaratsiyasi va bir qator qo‘shma hujjatlar qabul qilinishi kutilmoqda.
2 sentyabr kuni Pekinda Shavkat Mirziyoyev Si Jinping bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazadi va Xitoyning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashadi. Tomonlar har tomonlama strategik sheriklikni mustahkamlash va yangi amaliy loyihalarni muhokama qiladi.
3 sentyabrda esa prezident Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan rasmiy tadbirlarda ishtirok etadi.





