
Mirziyoyev AQSH kompaniyalari bilan noyob minerallar bo‘yicha hamkorlikni muhokama qildi
23.09.2025 | 00:0741473
Nyu Yorkda Shavkat Mirziyoyev yetakchi amerikalik kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashib, noyob minerallar sohasida 1 mlrd dollarlik loyihalarni muhokama etdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Nyu Yorkdagi ishchi tashrifi doirasida rezidensiyasida AQSHning yirik kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Suhbatda Traxys, Colorado School of Mines, FLSmidth, McKinsey hamda Go Green Partners vakillari ishtirok etdi.
Traxys dunyoda tanqidiy minerallar yetkazib berishda yetakchi hisoblanadi. Kompaniya bilan 1 mlrd dollarlik geologiya va konchilik loyihalari portfeli shakllantirilgan bo‘lib, zamonaviy texnologiyalar asosida minerallarni qazib olish va qayta ishlash ishlari rejalashtirilmoqda.
Colorado School of Mines bilan hamkorlikda O‘zbekiston Geologiya universiteti huzurida kompetensiyalar markazi tashkil etish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. FLSmidth esa mis sanoatidagi loyihalarda faol ishtirok etmoqda.
McKinsey kompaniyasi bilan mineral xomashyo bazasini kengaytirish va sohani transformatsiya qilish strategiyasi tayyorlangan. Go Green Partners esa yashil energetika uchun zarur minerallarni qazib olish va qayta ishlash bo‘yicha investitsiya kiritish niyatida.
Uchrashuvda umumiy qiymati 20 mlrd dollardan ortiq kompaniyalar ishtirok etgani ta’kidlandi. Loyihalarni tezlashtirish va yangi takliflarni ishlab chiqish uchun qo‘shma ishchi guruh va «yo‘l xaritasi» qabul qilishga kelishib olindi.





