
Mirziyoyev BMT konferensiyasida ishtirok etish uchun Turkmanistonga amaliy tashrif buyuradi
03.08.2025 | 19:2738552
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4–5 avgust kunlari amaliy tashrif bilan Turkmanistonda bo‘ladi. Ushbu tashrif Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov taklifiga binoan amalga oshirilmoqda.

Tashrif doirasida Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkilotining Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha III konferensiyasida ishtirok etadi. Ushbu nufuzli anjuman Turkmanistonning «Avaza» milliy sayyohlik zonasida tashkil etilmoqda, deb yozmoqda Prezident matbuot xizmati.
Tadbirda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, shuningdek, ko‘plab davlat va hukumat rahbarlari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillari ishtirok etadi. Konferensiya kun tartibida transport bog‘liqligi, savdo tartib-taomillari, iqlim o‘zgarishiga moslashuv, iqtisodiy transformatsiya va xalqaro hamkorlik masalalari muhokama qilinadi.
Yig‘in yakunida «Avaza siyosiy deklaratsiyasi» va harakatlar dasturi qabul qilinishi kutilmoqda. Bu hujjatlar uzoq muddatli rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda muhim huquqiy va siyosiy asos sifatida xizmat qiladi.
Shuningdek, Mirziyoyev tashrif doirasida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik masalalariga bag‘ishlangan tadbirda ishtirok etadi va qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazishi rejalashtirilgan.





