
Mirziyoyev BMT minbaridan turib global islohotlar zarurligini bildirdi
24.09.2025 | 02:1121795
Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasida global nizolar, yangi tahdidlar va O‘zbekistondagi islohotlar haqida qat’iy va ochiq nutq qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nyu York shahrida bo‘lib o‘tayotgan BMT Bosh Assambleyasi 80-sessiyasi umumiy munozaralarida nutq so‘zladi. U dunyoda shiddat bilan o‘zgarayotgan vaziyat xalqaro tashkilotlardan yangi yondashuv talab etayotganini ta’kidladi. Prezident nutqi uning rasmiy saytida keltirilgan.
Prezidentning aytishicha, bugun xalqaro institutlar roli zaiflashmoqda, nizo va urushlar kuchaymoqda, ijtimoiy va texnologik tengsizlik ortib bormoqda, iqtisodiy va humanitar inqirozlar chuqurlashmoqda. Bu esa xavotirli yangi geosiyosiy voqelikni vujudga keltirmoqda.
Davlatimiz rahbari BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning tashabbuslarini yuksak baholab, «BMT–80» dasturini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini va «Kelajak uchun pakt»ga sodiqligini ta’kidladi.
«Biz zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi samarali kurashish, rivojlanayotgan davlatlarning manfaatlarini himoya qilish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashini transformatsiya qilish va uning tarkibini kengaytirish tarafdorimiz», — dedi Mirziyoyev.Prezident nutqida O‘zbekistondagi yangilanishlarga ham alohida to‘xtalib o‘tdi. Unga ko‘ra, mamlakatda demokratik, huquqiy va ijtimoiy islohotlar izchil davom etmoqda. Asosiy maqsad — har bir oila hayotini yaxshilash, inson qadri va farovonligini oshirish. Mirziyoyev ta’kidlaganidek, so‘nggi yillarda kambag‘allik darajasi 35 foizdan 6,6 foizgacha qisqartirildi. Bu ta’lim va fan sohasini isloh qilish, innovatsiyalarni joriy etish, «yashil» energetikaga e’tibor qaratish, kichik biznesni rivojlantirish va millionlab ish o‘rinlari yaratish hisobiga amalga oshdi. Prezident so‘zlariga ko‘ra, maktabgacha ta’lim qamrovi 27 foizdan 78 foizga, oliy ta’lim qamrovi esa 9 foizdan 42 foizgacha oshgan. Eng muhim masala sifatida esa o‘qituvchi va ustozlik kasbining nufuzini oshirish belgilangan. O‘z nutqini davom ettirar ekan, Mirziyoyev pedagoglarning o‘zaro tajriba va bilim almashishi uchun yagona xalqaro platformani yaratish maqsadida O‘zbekistonda Butunjahon professional ta’lim sammitini o‘tkazishni taklif etdi. Shuningdek, mamlakatimizda ilg‘or sog‘liqni saqlash tizimi yaratilayotgani ta’kidlandi. Ertaga BMT bosh qarorgohida O‘zbekiston tashabbusi bilan bolalar saratoni va boshqa og‘ir kasalliklarga qarshi kurashga bag‘ishlangan yuqori darajadagi tadbir o‘tkaziladi. Prezidentimiz barcha xorijiy hamkorlarni ushbu tadbirga taklif etdi.
«Yana bir bor ta’kidlamoqchiman: biz Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida olgan majburiyatlarimizga sodiqmiz. 2030 yilga borib «daromadi o‘rtadan yuqori» bo‘lgan mamlakatlar qatoriga kirishni niyat qilganmiz. Shu maqsadda ochiq va pragmatik siyosatimizni izchil davom ettiramiz», — dedi Prezident.





