add

Mirziyoyev «Markaziy Osiyo + Yaponiya» sammitida qanday tashabbuslarni ilgari surdi?

Bugun 13:342952 daqiqa

Prezident Shavkat Mirziyoyev Tokio shahrida bo‘lib o‘tgan «Markaziy Osiyo + Yaponiya» birinchi sammitida nutq so‘zladi.

Mirziyoyev «Markaziy Osiyo + Yaponiya» sammitida qanday tashabbuslarni ilgari surdi?

Davlat rahbari sammitning tarixiy ahamiyatini ta’kidlar ekan, Yaponiya ushbu muloqot formatining ilk tashabbuskori bo‘lganini eslatdi va bugungi uchrashuv Markaziy Osiyo bilan Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlikda yangi sahifa ochayotganini qayd etdi. Uning aytishicha, tomonlarni qadimiy savdo yo‘llari, o‘xshash an’ana va qadriyatlar, shuningdek, uzoq yillik ishonchli aloqalar bog‘lab turadi.

Prezident Mirziyoyev Yaponiya mustaqillikdan buyon Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan O‘zbekiston uchun ishonchli sherik bo‘lib kelayotganini alohida ta’kidladi. Yaponiya infratuzilma, sanoat, energetika, fan va ta’lim sohalarida mintaqaning rivojiga muhim hissa qo‘shayotgani e’tirof etildi. Shu bois Markaziy Osiyo mamlakatlari Yaponiyaning mintaqadagi ishtirokini yanada kengaytirishdan manfaatdor ekani bildirildi.

Nutqda birinchi muhim tashabbus sifatida «Markaziy Osiyo + Yaponiya» sammitlarini davlat rahbarlari darajasida har ikki yilda bir marta o‘tkazish taklif qilindi. Keyingi shunday uchrashuvlardan birini O‘zbekistonda tashkil etishga tayyorlik bildirildi. Shuningdek, Yaponiya tomonidan adliya va huquq sohasida yangi doimiy hamkorlik mexanizmini yaratish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.

Ikkinchi yirik taklif — «Markaziy Osiyo – Yaponiya 2040» uzoq muddatli hamkorlik strategiyasini ishlab chiqish bo‘ldi. Ushbu hujjat mintaqaning barqaror rivoji va global iqtisodiy jarayonlarga chuqur integratsiyasini ta’minlaydigan aniq dastur va loyihalarni qamrab olishi lozimligi ta’kidlandi. Shu bilan birga, yetakchi tahlil markazlari ishtirokida Ekspertlar forumini ta’sis etish va uning ilk yig‘ilishini Toshkentda o‘tkazish taklif etildi.

Prezident savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratdi. Markaziy Osiyo infratuzilmasi va sanoatini rivojlantirish uchun Yaponiya investitsiyalari va texnologiyalarini jalb etadigan maxsus investitsiya jamg‘armasini tashkil etish g‘oyasi ilgari surildi. Shuningdek, Yaponiya texnoparklarining mintaqaviy tarmog‘ini yaratish orqali sanoat kooperatsiyasi va texnologiyalar transferini kuchaytirish taklif qilindi.

Raqamli transformatsiya masalasida Mirziyoyev Yaponiya kompaniyalarining robototexnika, avtomatlashtirish va sun’iy intellekt sohalaridagi yetakchi tajribasini qayd etdi hamda «Markaziy Osiyo – Yaponiya» raqamli xabi tashkil etish tashabbusini bildirdi. Transport va logistika yo‘nalishida esa tezyurar poyezdlar, avtomobil yo‘llari, aeroportlar va logistika markazlarini barpo etishda yapon texnologiyalarini keng qo‘llash istagi bildirildi.

Energetika va ekologiya masalalarida O‘zbekiston 2035 yilgacha zararli gazlar chiqindisini 50 foizga qisqartirish, 2030 yilgacha «yashil» energiya ulushini 54 foizga yetkazish maqsadini ma’lum qildi. Shu doirada Yaponiya bilan qayta tiklanadigan energetika, seysmik xavfsizlik, ta’lim va yoshlar almashuvini kengaytirish bo‘yicha qo‘shma dasturlar taklif etildi.

Prezident nutqining yakunida global beqarorlik sharoitida tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, shuningdek, Afg‘onistonni mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga jalb etishda Yaponiya bilan hamkorlikni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

Teglar

Mavzuga oid