
Mirziyoyev MDH doirasida amaliy hamkorlikni kengaytirish zarurligini ta’kidladi
10.10.2025 | 15:5031634
Dushanbeda bo‘lib o‘tgan MDH sammitida Shavkat Mirziyoyev iqtisodiy, transport, energetika va raqamlashtirish sohasidagi hamkorlik bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surdi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 oktyabr kuni Dushanbe shahrida o‘tgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi sammitida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Yig‘ilishga Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon raislik qildi. Sammitda Ozarboyjon, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Turkmaniston, Armaniston rahbarlari hamda MDH Bosh kotibi Sergey Lebedev qatnashdi.
Yig‘ilishda Hamdo‘stlik doirasidagi amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama etildi. Prezident Mirziyoyev nutqida global siyosiy beqarorlikka qaramasdan, MDH o‘z samaradorligini saqlab kelayotganini ta’kidladi. U so‘nggi yillarda iqtisodiy, ijtimoiy va gumanitar sohalardagi qo‘shma faoliyat ijobiy natijalar berayotganini qayd etdi.
Prezident MDH mamlakatlari bilan hamkorlikni mustahkamlash va amaliy sheriklikni kengaytirishdan O‘zbekiston manfaatdor ekanini bildirdi. U iqtisodiy aloqalarni kuchaytirish, tovar ayirboshlash hajmini oshirish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish tartiblarini soddalashtirish bo‘yicha tashabbuslar ilgari surdi.
Shuningdek, transport sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, logistika markazlarini yaratish va xususiy investitsiyalarni jalb etish muhimligi ta’kidlandi. Mirziyoyev transport infratuzilmasini yangilash bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik konferensiyasini O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif qildi.
Prezident investitsiyaviy hamkorlikni kuchaytirish, sanoat zonalari rivojini qo‘llab-quvvatlash va MDH Venchur platformasini yaratish tashabbusini bildirdi. Shuningdek, Toshkentda Innovatsion sanoat forumini tashkil etish taklif qilindi.
Energetika sohasida an’anaviy va muqobil manbalardan foydalanishni kengaytirish, raqamli texnologiyalar, xususan, sun’iy intellekt sohasida ko‘p tomonlama hamkorlik yo‘lga qo‘yish taklif etildi.
Prezident ta’lim va fan sohasida hamkorlikni rivojlantirish, diplom va malaka dasturlarini o‘zaro tan olish hamda 2026 yilda Xivada MDH Yoshlar forumini o‘tkazishni taklif qildi.
Shavkat Mirziyoyev mintaqaviy xavfsizlik, xususan, Afg‘onistonda barqaror tinchlikni ta’minlashda hamkorlikni davom ettirish zarurligini ta’kidladi. Sammit yakunida MDH doirasidagi hamkorlik bo‘yicha qator hujjatlar imzolandi.





