add

Mirziyoyev Namanganda sanoat zonasi va nasos stansiyasini ko‘zdan kechirdi

16.09.2025 | 19:206833

Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifi doirasida sanoat zonasi va suv ta’minoti ob’ektlarida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Mirziyoyev Namanganda sanoat zonasi va nasos stansiyasini ko‘zdan kechirdi
Yangi Namangan tumanidagi «Taraqqiyot» sanoat va servis zonasida 113 ta loyiha joylashtirilib, 4,8 ming ish o‘rni yaratildi. Loyiha doirasida elektr, suv va yo‘l infratuzilmasi davlat byudjeti hisobidan ta’minlandi. Bu hududda yillik 500 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratildi. Prezident ustalar bilan muloqot qilib, texnik xizmat ko‘rsatish sohasida hali katta imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi. Chet el avtomobillariga xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilishi aholi bandligini ta’minlash va xizmat sifatini oshirishini qayd etdi. Shu bois, bunday markazlarni boshqa tumanlarda ham ochish va malakali ustalar tayyorlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Davlat rahbari Chortoq tumanidagi «Ayqiron-1» nasos stansiyasida ham bo‘lib, modernizatsiya jarayonini ko‘zdan kechirdi. Energiya tejamkor agregatlar o‘rnatilishi natijasida yillik elektr sarfi 40 foizga qisqardi. Bu yerdagi 815 gektar yer maydoni samaraliroq sug‘oriladi, hosildorlik oshishi kutilmoqda. Viloyatdagi 200 dan ortiq nasos stansiyasidan 43 tasi davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy kompaniyaga topshirilgan. Prezident ikki yil ichida barcha stansiyalarni yangilash, keyinchalik bu tajribani mamlakatning boshqa hududlariga joriy qilish vazifasini qo‘ydi. Shuningdek, fermer xo‘jaliklarida quyosh panellari orqali ishlaydigan kichik nasoslar va tomchilatib sug‘orish tizimlarini joriy etish rejalari ham ma’lum qilindi.

Teglar

Mavzuga oid