
Mirziyoyev Putinga qo‘ng‘iroq qildi
07.10.2025 | 19:406793
Rossiya prezidenti bugun, 7 oktyabr kuni 73 yoshni qarshi olmoqda.

Bugun, 7 oktyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga telefon qilib, uni 73 yoshi bilan tabrikladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidentining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Shavkat Mirziyoyev Rossiya yetakchisini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va muvaffaqiyatlar, Rossiya xalqiga esa ravnaq tiladi.
Oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston-Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
O‘zaro tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlarining o‘sish sur’atini davom ettirish, yetakchi korxona va kompaniyalarning sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi va boshqa ustuvor yo‘nalishlardagi kooperatsiya loyihalarini ilgari surish, ikki mamlakat hududlarining ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Faol madaniy-gumanitar almashinuvlar davom etayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Tomonlar xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdi, bo‘lajak tadbirlar rejasini muhokama qildi.
Ma’lumot uchun, Putin 1952 yil 7 oktyabrda Sankt-Peterburg shahrida tug‘ilgan.





