add

Mirziyoyev Shota Rustaveli ko‘chasidagi yangi BRT yo‘nalishi bo‘ylab avtobusda safar qildi

Prezident poytaxtdagi Shota Rustaveli ko‘chasida joriy etilgan ilk BRT tizimi bo‘ylab elektrobusda safar qildi. 19,2 mln dollarlik loyiha yo‘lovchi oqimini ikki baravar oshirdi.

Mirziyoyev Shota Rustaveli ko‘chasidagi yangi BRT yo‘nalishi bo‘ylab avtobusda safar qildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi Shota Rustaveli ko‘chasida amalga oshirilgan yirik transport loyihasi bilan tanishdi va elektrobusda sinov safarini amalga oshirdi. Bu — poytaxtda birinchi marta joriy etilgan jamoat transporti uchun alohida harakat chizig‘i (Bus Rapid Transit — BRT) tizimi bo‘ldi. Loyiha doirasida uzunligi 7 kilometr bo‘lgan yo‘l uchastkasini qayta qurish ishlari yakunlandi. Harakat 10 polosa bo‘ylab tashkil etildi: ularning oltitasi avtomobillar, ikkitasi to‘xtash joylari va yana ikkitasi avtobuslar uchun mo‘ljallangan. Loyiha qiymati 19,2 mln dollar bo‘lib, u Toshkent shahar transport tizimini modernizatsiya qilish dasturining birinchi bosqichini tashkil etadi. Mazkur tizim jamoat transporti samaradorligini sezilarli oshirdi. Yo‘lovchi oqimi 2,5 ming nafardan 6 ming nafargacha ko‘paydi, harakat tezligi soatiga 23 kmdan 30 kmgacha o‘sdi. Yo‘lning o‘tkazuvchanlik quvvati esa 40 ming avtomobilga yetdi. Shota Rustaveli ko‘chasi bo‘ylab 463 ta «aqlli» svetofor, 21 ta zamonaviy to‘xtash bekati, velosiped yo‘laklari va yashil hududlar barpo etildi. Shavkat Mirziyoyev BRT tarmog‘ini kengaytirish loyihalari bilan ham tanishdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Toshkentdagi harakat zichligini kamaytirish va aholi uchun qulay jamoat transporti tizimini yaratish muhim vazifadir.
«Agar metro va zamonaviy avtobuslar qurilmaganida, poytaxtda harakat butunlay murakkablashgan bo‘lardi. Biz odamlar qulayligi uchun transport tizimini yangilayapmiz. Bunday ishlarni barcha shaharlarda davom ettiramiz», — dedi Prezident.
Transport vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, oxirgi ikki yilda 142 ming nafar tashkentlik shaxsiy avtomobil yoki taksidan voz kechib, jamoat transportiga o‘tgan. Yangi avtobuslar sotib olinishi va yo‘nalishlar reorganizatsiyasi natijasida safarlar oralig‘i ikki barobar qisqardi, yo‘lovchi oqimi esa kuniga 1,4 mln nafarga yetdi. 2023–2030 yillarda poytaxtda yana 10 ta BRT yo‘nalishi tashkil etilishi rejalashtirilgan. Ular Shahrisabz, Maxtumquli, Amir Temur, Nurafshon, Qoratosh va Parkent yo‘nalishlarini qamrab oladi. Umumiy qiymati 110 mln dollar bo‘lgan bu dastur orqali jamoat transportida shahar markaziga yetish vaqti 45 daqiqadan 25 daqiqagacha qisqarishi kutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

Mirziyoyev Shota Rustaveli ko‘chasidagi yangi BRT yo‘nalishi bo‘ylab avtobusda safar qildi | Vaqt.uz