add

Mirziyoyev: Toshkent 2030 yilgacha 3,5 mln aholili megapolisga aylanadi

Bugun 07:581962 daqiqa

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentni zamonaviy megapolisga aylantirish rejalari, aholi o‘sishi, iqtisodiy ko‘rsatkichlar va shahar boshqaruvida yangi tizimlar joriy etilishini e’lon qildi.

Mirziyoyev: Toshkent 2030 yilgacha 3,5 mln aholili megapolisga aylanadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilishda poytaxt kelgusi yillarda jadal o‘sish bosqichiga kirishini ta’kidladi. Davlat rahbarining ma’lum qilishicha, Toshkentning doimiy aholisi har yili o‘rtacha 100 ming kishiga ortib, 2030 yilga borib 3,5 milliondan oshishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, poytaxtda yalpi hududiy mahsulotni 52 mlrd dollarga yetkazish, aholi jon boshiga daromadni qariyb ikki barobar oshirib, 15 ming dollarga chiqarish rejalashtirilgan. Prezident ushbu maqsadlarga erishish uchun shahar rahbariyati, tuman hokimlari va ularning o‘rinbosarlari zamonaviy megapolislar tajribasi asosida uy-joy fondi, transport, energetika, ta’lim, tibbiyot va servis infratuzilmasini tubdan qayta ko‘rib chiqishi shartligini qayd etdi.

Shu munosabat bilan dunyodagi yirik megapolislarda ishlagan tajribali mutaxassislarni Toshkent shahar hokimiga maslahatchi sifatida jalb etish taklifi ma’qullandi. Prezident ularning tajribasi asosida Toshkentni moliya, ilg‘or texnologiyalar, madaniyat va turizm markaziga aylantirish zarurligini ta’kidladi.

Oxirgi to‘qqiz yilda Toshkent iqtisodiyotiga 20 mlrd dollardan ortiq to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya kiritildi, 5 mingga yaqin yirik loyiha ishga tushirildi. Aholi jon boshiga to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya hajmi 2017 yildagi 71 dollardan 2,2 ming dollargacha oshdi. Poytaxt iqtisodiyoti ushbu davrda 2,5 barobar o‘sib, joriy yil yakunida 27 mlrd dollarga yetishi kutilmoqda.

Daromadlar o‘sishi natijasida kambag‘allik darajasi 7,3 foizdan 1 foizga, ishsizlik esa 4,5 foizdan 3,5 foizga pasaymoqda. Prezident bu ko‘rsatkichlar Toshkentda kambag‘allik va ishsizlik tabiiy darajaga tushayotganini anglatishini ta’kidladi.

Shaharda «tungi iqtisodiyot» jadal rivojlanmoqda: tun-u kun ishlaydigan savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari soni 3 mingdan oshdi. So‘nggi yillarda 1 mingta zamonaviy elektrobus va avtobus olib kelinib, 168 ta yangi yo‘nalish ochildi. Qo‘shimcha 33 km metro liniyasi va 21 ta yangi stansiya qurilib, qariyb 1 mln aholi uchun metro xizmati yaqinlashdi.

Ekologiya masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Prezident Toshkentni ekologik barqaror 300 ta shahar qatoriga kiritish vazifasini qo‘ydi. Shu maqsadda sun’iy ko‘llar, yashil bog‘lar, soyali sayr ko‘chalari va kanal sohillarini obodonlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar rejalashtirilgan.

Shuningdek, «O‘zbekiston Respublikasi poytaxtining maqomi to‘g‘risida»gi qonunni qabul qilish vaqti kelgani qayd etildi. 2026 yildan «mahalla yettiligi» to‘liq shahar hokimligi ixtiyoriga o‘tkazilib, KPI asosida boshqariladi va ortiqcha byurokratiya qisqartiriladi. 

Teglar

Mavzuga oid

Mirziyoyev: Toshkent 2030 yilgacha 3,5 mln aholili megapolisga aylanadi | Vaqt.uz