
Mirziyoyev Trampga: «Nobel mukofotiga sizdan ko‘ra loyiqroq odam yo‘q»
24.09.2025 | 21:2030495
Donald Tramp O‘zbekistonga narsa sotganidan mamnun. U o‘zbeklarni «nefti ham ko‘p, puli ham ko‘p» deya ta’rifladi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSH yetakchisi Donald Trampni Nobel mukofotiga loyiq odam deb ta’rifladi. Mirziyoyevga ko‘ra, mukofotga Trampdan ko‘ra loyiqroq odam yo‘q. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisi BMT bosh qarorgohida, tashkilot Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasi doirasida Donald Tramp bilan uchrashuvda so‘z ochdi.
«Albatta, siz bilan telefon suhbatida gaplashgan narsalarimizning hammasi amalga oshmoqda. Sizni yana bir bor dunyoda 7 ta nizoga yakun yasaganingiz bilan tabriklashni xohlayman. Ayniqsa, bizning mintaqamiz uchun eng muhimi – Ozarbayjon va Armaniston orasidagi nizoga yechim topdingiz. Men yana bir bor takrorlayman, Nobel mukofotiga sizdan ko‘ra loyiqroq odam yo‘q. Biz buni aytganmiz va aytamiz», - dedi O‘zbekiston rahbari.
Tramp Shavkat Mirziyoyevni «buyuk yetakchi» deb ta’rifladi.
«O‘zbekiston prezidenti bilan birga bo‘lish ulkan sharaf. Uni juda hurmat qilaman. U uzoq vaqtdan beri ishlab kelmoqda. Ko‘p yillar, to‘g‘rimi? Taxminan 15-16 yil bo‘ldi. Bu ham anchagina vaqt. Biror odam mamlakatni shuncha muddat boshqara olishi uchun yagona sabab – juda aqlli va malakasi baland bo‘lishi kerak. Biz bilan birga bo‘lganingiz uchun rahmat. Bilasizlarmi, u turli AQSH mahsulotlarini sotib oldi. Ularning mablag‘lari yetarli. Ularning nefti ham ko‘p, puli ham ko‘p. Odatda, neft pul bilan yaxshi chiqishadi. Lekin ular mamlakat sifatida juda yaxshi natijalarga erishgan va u haqiqatdan ham buyuk yetakchi. Siz bilan yana birga bo‘layotganim katta sharaf. Rahmat», - dedi Donald Tramp.
Muzokaralar yakunida davlatimiz rahbari prezident Donald Trampni o‘zi uchun qulay muddatda O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif etdi.
«Sizni O‘zbekistonda kutaman. Birinchi tashrif bo‘lishi kerak. Siz menga birinchi bor Samarqandga borishga va’da qilgansiz», - dedi Shavkat Mirziyoyev uchrashuv so‘nggida.
Tramp esa unga Amerika mahsulotlarini xarid qilgani uchun minnatdorlik bildirdi.
«Men uni [Samarqand nazarda tutilmoqda] yaxshi ko‘raman. Men amalga oshirish haqida o‘ylayapman. Haqiqatan ham ajoyib operatsiya, ajoyib odamlar guruhi, juda aqlli mamlakat va ular juda yaxshi ish qildilar va men Amerikaning mahsulotlarini xarid qilganingiz uchun minnatdorman», - dedi AQSH yetakchisi.





