
Mirziyoyev va Japarov telefon orqali suhbatlashdi
Ikki davlat Prezidentlari qo‘shma infratuzilma loyihalari — suvdan tortib temir yo‘lgacha bo‘lgan masalalarni ko‘rib chiqqan.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10-fevral kuni Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda O‘zbekiston rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, suhbatda O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqilgan.
Ma’lumot uchun, ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash sur’ati barqaror o‘sib bormoqda.
«Sanoat kooperatsiyasi loyihalari amalga oshirilmoqda, yirik infratuzilmaviy loyihalar, shu jumladan, “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li va Qambarota gidroelektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha birgalikdagi ishlar davom ettirilmoqda», - deyiladi xabarda.
Prezidentlar mintaqaviy kun tartibining dolzarb jihatlari yuzasidan ham fikr almashgan, shuningdek, ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasini muhokama qilgan.





