
Mirziyoyev va Kobaxidze Turkmanboshida savdo va logistika bo‘yicha hamkorlikni muhokama qildi
05.08.2025 | 21:0023562
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonga amaliy tashrifi doirasida Gurjiston Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, uchrashuvda savdo-iqtisodiyot, transport-logistika va madaniy-gumanitar sohalardagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan. Shuningdek, Gurjiston Bosh vazirining joriy yil mart oyida O‘zbekistonga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish natijalari mamnuniyat bilan qayd etilgan.
«Faol idoralararo aloqalar davom etmoqda, tashqi ishlar va iqtisodiyot vazirlarining uchrashuvlari o‘tkazildi. Tovar ayirboshlash va yuk tashish hajmi, qo‘shma loyiha va korxonalar soni oshmoqda», deyiladi xabarda.
Shu bilan birga, ikki mamlakat o‘rtasida o‘zaro tovar yetkazib berishni ko‘paytirish, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, elektrotexnika, farmatsevtika, oziq-ovqat tarmoqlarida, shuningdek, logistika sohasida kooperatsiya loyihalarini ilgari surish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan choralar ko‘rish muhimligi qayd etilgan.





