add

Mirziyoyev va Putin suhbati, O‘zbekistonga vizasiz rejimni bekor qilgan Chernogoriya va YeTTB prezidenti bilan uchrashgan Mirziyoyeva — 14 oktyabr dayjesti

14.10.2025 | 22:00345810

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Mirziyoyev va Putin suhbati, O‘zbekistonga vizasiz rejimni bekor qilgan Chernogoriya va YeTTB prezidenti bilan uchrashgan Mirziyoyeva — 14 oktyabr dayjesti
Fermerlar yerni oila a’zolari nomiga o‘tkazishi mumkin bo‘ladi 14 oktyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida fermerlar va yerdan foydalanuvchilar huquqlarini mustahkamlashga qaratilgan yangi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilindi. Hujjat xususan, fermerlar o‘zlari ijaraga olgan qishloq xo‘jaligi yerlarini endi davlatga qaytarmasdan, oila a’zolaridan biriga o‘tkazish imkonini nazarda tutadi. Qonun loyihasining asosiy maqsadi — xususiy mulk huquqi kafolatlarini kuchaytirish va qishloq xo‘jaligi yerlaridan samarali foydalanishni ta’minlashdir. So‘nggi yillarda bu yo‘nalishda keng islohotlar amalga oshirilmoqda, xususan, mulkdorlar huquqlarini himoya qilish va fermerlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rilgan. Majlisda ta’kidlanishicha, ayrim holatlarda yer ijarasini boshqa shaxsga o‘tkazish yoki qayta ijaraga berish bilan bog‘liq huquqiy bo‘shliqlar fermerlar faoliyatini cheklab kelgan. Yangi hujjatda bu amaliyotning huquqiy asoslari belgilab beriladi. Shuningdek, loyihaga ko‘ra, tovarlar va xizmatlar bozoriga noqonuniy aralashish yoki to‘siq yaratish uchun javobgarlik belgilanadi. Bu orqali iqtisodiy faoliyat erkinligini ta’minlashga qaratilgan tartib joriy etiladi.   Surxondaryoda ayollar paxta terimiga majburiy jalb qilingani tasdiqlandi Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumanida ayollarni majburiy ravishda paxta terimiga chiqarganlik holati aniqlandi. Bu haqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi ma’lum qildi. Vazirlik ma’lum qilishicha, tuman hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Nigora Jumayeva mehnat qonunchiligini buzgani uchun jarimaga tortilgan. Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda uning ayollarni paxta terimiga chiqarishni talab qilayotgan audiosi tarqalgandi. Unda u har bir xotin-qizlar faolidan kamida ikki nafar ayolni o‘z bilan dalaga olib chiqishni talab qilgani eshitiladi. Jumayeva audioda: «Bosh vazir o‘rinbosari Mahkamova kelyapti, hazil qilmanglar. Hamma soat 7 da daladan bo‘lishi kerak», — degan. Qumqo‘rg‘on tuman hokimligi bu holatga izoh berib, ayollar «o‘z xohishi bilan» terimga chiqqanini ma’lum qilgan edi. Ammo vazirlik tekshiruvidan so‘ng bu mehnat majburiyligi deb topildi. Nigora Jumayevaga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi 1-qismi asosida jarima qo‘llanildi. Unga ko‘ra, har qanday ma’muriy majburlash uchun BHMning 50 barobaridan 100 barbarigacha (20,6 mln – 41,2 mln so‘m) miqdorda jarima belgilanadi. Shuningdek, Buxoro shahridagi Abu Ali ibn Sino nomidagi Axborot-kutubxona markazi rahbari N.Aminova ham shunday qonunbuzarlik uchun jarimaga tortildi.   Mirziyoyev va Putin o‘zaro gaplashib oldi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 14 oktyabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda O‘zbekiston davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi. Suhbatda O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish nuqtai nazaridan yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqilgan. Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning asosiy ko‘rsatkichlari o‘sish sur’atini saqlab qolish, shuningdek, ikki mamlakat hududlari darajasidagi kooperatsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilgan. Gumanitar hamkorlik, eng avvalo, madaniyat, san’at va ta’lim sohalarida, shu jumladan muhandis kadrlarni tayyorlash borasida kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etilgan. Chernogoriya O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz tartibni bekor qildi 9 oktyabr kuni Chernogoriya hukumati O‘zbekiston va qator davlatlar fuqarolari uchun vizasiz tartibning amal qilishini to‘xtatdi. Bu haqda mamlakat hukumatining matbuot xizmati ma’lum qildi. 98-sessiyada bosh vazir Miloyko Spayich rahbarligidagi Vazirlar Mahkamasi Armaniston, O‘zbekiston va Misr fuqarolarini vizadan vaqtincha ozod etuvchi qarorlarni o‘zgartirishga oid hujjatni tasdiqladi. Hukumat bayonotida ta’kidlanishicha, mazkur o‘zgarishlar milliy viza siyosatini Yevropa Ittifoqi talablariga moslashtirish, shuningdek, 2024–2027 yillarga mo‘ljallangan islohotlar dasturi doirasidagi majburiyatlarni bajarish maqsadida amalga oshirilgan. «Qabul qilingan tuzatishlar yuqorida tilga olingan mamlakatlar fuqarolari uchun vizadan vaqtincha ozod etish haqidagi ilgarigi qarorlarning amal qilishini to‘xtatadi. Bu orqali Chernogoriya Yevropa Ittifoqiga to‘liq a’zo bo‘lish yo‘lidagi qat’iy pozitsiyasini tasdiqlaydi», — deyiladi hukumat xabarida.   Saida Mirziyoyeva Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti bilan uchrashdi Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ma’lum qilishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyevning ochiqlik siyosati va mamlakat farovonligini oshirishga qaratilgan islohotlari tufayli O‘zbekiston va YeTTB munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Bank ko‘magida irrigatsiya va «yashil iqtisodiyot» sohalarida amalga oshirilayotgan infratuzilma loyihalari alohida ahamiyat kasb etmoqda. Uchrashuvda Markaziy Osiyo davlatlarining yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro ishonch muhitini mustahkamlash bo‘yicha sa’y-harakatlari natijasida mintaqada hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilayotgani ta’kidlandi. «Ishonchim komilki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan sheriklik nafaqat O‘zbekiston, balki butun mintaqaning barqaror rivojiga xizmat qiladi», — dedi Saida Mirziyoyeva.

Teglar

Mavzuga oid