add

Mirziyoyev Yevropaning yetakchi biznes va bank rahbarlarini hamkorlikka chorladi

24.10.2025 | 14:524882

Belgiyada bo‘lib o‘tgan davra suhbatida Prezident Shavkat Mirziyoyev Yevropaning yetakchi kompaniya va bank rahbarlarini O‘zbekiston bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga chaqirdi.

Mirziyoyev Yevropaning yetakchi biznes va bank rahbarlarini hamkorlikka chorladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Belgiyaga rasmiy tashrifi doirasida Yevropaning yetakchi kompaniya va moliya muassasalari rahbarlari bilan davra suhbati o‘tkazdi. Unda «Vandewiele», «Linde», «Rhenus Logistics», «SUEZ», «FMO», «Commerzbank», «KfW», «Metso» kabi yirik korporatsiyalar rahbarlari ishtirok etdi.

Prezident suhbatda Yevropa biznesining faol ishtiroki O‘zbekistonga bo‘lgan ishonch va uzoq muddatli sheriklikka tayyorlikning yaqqol ifodasi ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolanishi ikki tomonlama munosabatlarda yangi bosqichni boshlab berdi.

So‘nggi yetti yilda O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi ikki baravarga oshdi. Shu davrda Yevropa sarmoyasi ishtirokidagi qo‘shma korxonalar soni mingdan ortiqni tashkil etmoqda. Bu esa investorlarning mamlakatdagi iqtisodiy islohotlarga ishonchi ortib borayotganidan dalolat beradi.

Davlat rahbari Yevropalik hamkorlarni strategik xomashyo va mineral resurslarni qayta ishlash, «yashil iqtisodiyot», kimyo sanoati, infratuzilma va logistika sohalaridagi qo‘shma loyihalarga taklif etdi. Shuningdek, raqamli iqtisodiyot va axborot texnologiyalarini rivojlantirish, sun’iy intellekt va kiberxavfsizlik sohasida hamkorlikni kuchaytirish taklif qilindi.

Prezident ta’kidlaganidek, inson kapitali va ta’lim sohasidagi islohotlar ham Yevropalik sheriklar bilan hamkorlikni mustahkamlaydi. Uchrashuvda ishtirok etgan biznes va bank vakillari esa O‘zbekistondagi barqaror investitsiya muhitini yuqori baholab, yangi loyihalarda ishtirok etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Teglar

Mavzuga oid