
Mirzo Ulug‘bek vatanida katta anjuman: Samarqand 2028 yilda Xalqaro astronavtika kongressiga mezbonlik qiladi
03.10.2025 | 11:109363
Xalqaro astronavtika kongressi (International Astronautical Congress) ilk bor 2028 yilda Markaziy Osiyoda o‘tkaziladi va Samarqand uning mezboni etib tanlandi.

28 sentyabr kuni Avstraliyaning Sidney shahrida o‘tkazilgan IAC Hosts Summit doirasida «O‘zbekkosmos» agentligi Samarqandni 2028 yilgi Xalqaro astronavtika kongressiga mezbon sifatida taqdim etgan edi.
IAC-2025 yig‘ilishida O‘zbekistonning nomzodi Hindiston va Bahrayndan ustun keldi va Samarqand mezbon etib tanlandi. Bu haqda Raqamli Texnologiyalar vazirligi xabar berdi. Mutaxassislar bu qarorni mamlakatning xalqaro nufuzi o‘sishi va ilm-fanga yo‘naltirilgan siyosatining e’tirofi sifatida baholamoqda.
Samarqand tanlovi ramziy ahamiyatga ega. Chunki besh asrdan ortiq vaqt oldin Mirzo Ulug‘bek tashabbusi bilan bu yerda dunyodagi eng yirik rasadxonalardan biri barpo etilgan va shahar ilm-fan markaziga aylangan edi.
«O‘zbekkosmos»ning fikricha, Samarqandda kongress o‘tkazilishi xalqaro sarmoyadorlarni ilm markazlari, texnopark va startaplar yaratishga jalb etib, kosmik texnologiyalarda yangi bosqich boshlanishiga xizmat qiladi.
Kongress doirasida 10 mingdan ziyod mehmon ishtirok etishi va yirik ko‘rgazmalar tashkil qilinishi kutilmoqda. Tahlillarga ko‘ra, forum mamlakat iqtisodiyotiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Masalan, Avstraliya ushbu tadbirdan 27 mln dollardan ortiq daromad olgan.
Eng asosiysi, tadbir yosh avlodda kosmik ilm-fanga qiziqishni oshirishi va yangi tadqiqotchilarni tarbiyalashga turtki berishi kutilmoqda. Bu esa Mirzo Ulug‘bekning merosini davom ettirib, O‘zbekistonning ilm-fandagi nufuzini mustahkamlaydi.





