add

Mo‘g‘ulistonda O‘zbekiston milliy savdo uyi ish boshladi

Mo‘g‘ulistonda O‘zbekiston milliy savdo uyi ochildi. Bu qadam ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va milliy mahsulotlar eksport hajmini oshirishga xizmat qiladi

Mo‘g‘ulistonda O‘zbekiston milliy savdo uyi ish boshladi
O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati so‘nggi yillarda jadal rivojlanib, xalqaro bozorlarda o‘z o‘rnini mustahkamlab bormoqda. Eksport geografiyasi kengayib, yangi texnologiyalar joriy etilayotgani sanoat salohiyatini yanada oshirmoqda. Shu jarayonda Mo‘g‘ulistonda O‘zbekiston milliy savdo uyining ochilishi muhim qadam bo‘ldi. O‘zbekiston-Mo‘g‘uliston biznes-forumi doirasida ikki davlat o‘rtasida savdo va investitsiyaviy aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha bir qator kelishuvlarga erishildi. Bu haqda «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi vakillari ma’lum qildi. Forumda to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik, qo‘shma loyihalar va eksport shartnomalari bo‘yicha muzokaralar olib borildi. Mo‘g‘uliston Jun va to‘qimachilik sanoati uyushmasi, Mo‘g‘uliston Fan va texnologiyalar universiteti hamda “Mogol Noos” kompaniyasi bilan hamkorlik kelishuvlari imzolandi. Tomonlar Toshkentda jun va kashemir mahsulotlariga ixtisoslashgan savdo uyi ochish va O‘zbekistonda 10 mln dollarlik qo‘shma ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirishga kelishib oldi. Shuningdek, Ulan-Bator shahrida “Made in Uzbekistan” ko‘rgazmasi va milliy savdo uyi ochilish marosimi o‘tkazildi. Tadbirda O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev va Mo‘g‘uliston Bosh vazirining o‘rinbosari Saynbuyangiyn Amarsayxan ishtirok etdi. Ko‘rgazmada to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, charm-poyabzal, qurilish materiallari va elektr jihozlari sohalarida faoliyat yurituvchi 30 dan ziyod o‘zbek korxonalari mahsulotlarini taqdim etdi. Ushbu savdo uyi ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash va milliy brendlarimizni xalqaro bozorda keng targ‘ib etishga xizmat qiladi.

Teglar

Mavzuga oid