
Muamalat Time — Vaqt.uzʼda Islom moliyasiga atalgan yangi loyiha
Yangi turkum ko‘rsatuvlar seriyasida zamonaviy islom moliyasi mahsulotlari, xalqaro tajriba, real amaliyot va halol moliyaviy hayotga oid eng dolzarb mavzularni sodda va tushunarli tarzda muhokama qilinadi.
Ushbu loyihada biz zamonaviy islom moliyasi mahsulotlari, xalqaro tajriba, real amaliyot va halol moliyaviy hayotga oid eng dolzarb mavzularni sodda va tushunarli tarzda muhokama qilamiz.
Ko‘rsatuvning dastlabki sonida zamonaviy islom moliyasining paydo bo‘lishi tarixi, oyoqqa turishi va bugungi kundagi ahvoli haqida suhbatlashdik. Shuningdek, islom moliyasining Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekistonga kirib kelishi uchun yetilgan shart-sharoitlar, bugungi kundagi ahvol, kelgusida qilinishi lozim bo‘lgan ishlar haqida so‘z bordi.
Ko‘rsatuvda savollarga javob beruvchi doimiy spikerlarimiz bor.
Iskandar Tursunov — Islomiy moliya bo‘yicha mutaxassis, «Al Muamalat Consulting» asoschisi va direktori. INCEIF Universitetida (Malayziya) amaliy islomiy moliya bo‘yicha magistratura darajasiga ega bo‘lib, shuningdek Istanbul Sabahattin Zaim Universitetida islomiy moliya yo‘nalishida tahsil olgan. AAOIFI tomonidan beriladigan Sertifikatlangan Shariat maslahatchisi va auditori (CSAA) sertifikatiga ega. AAOIFIʼning O‘zbekiston Respublikasidagi rasmiy trening va imtihon markazi rahbari sifatida faoliyat yuritadi.
Vaqf, sukuk, islomiy bank qonunchiligi, islomiy moliya huquqiga muvofiq moliyaviy mahsulotlar va tartibga solish yo‘nalishlari bo‘yicha ko‘plab amaliy loyihalarni boshqarib kelmoqda.
Hayotjon Azimov — xalqaro ekspert, «Al Muamalat Consulting» moliyaviy mahsulotlarni ishlab chiqish bo‘limi direktori. INCEIF Universitetida (Malayziya) islomiy moliya bo‘yicha magistratura darajasiga ega bo‘lib, AAOIFI tomonidan beriladigan Sertifikatlangan Shariat maslahatchisi va auditori (CSAA) sertifikatiga ega.
Moliyaviy injiniring, risk-menejment va loyihalarni boshqarish sohalarida 15 yillik professional tajribaga ega. O‘zbekistonda islomiy bank darchalari va islomiy sug‘urta (takaful)ni tashkil etish hamda joriy qilish bo‘yicha amaliy tajribaga ega mutaxassis.
Islomiy fintex, raqamli moliya va blokcheyn texnologiyalari yo‘nalishlarida faol amaliyotchi bo‘lib, shariatga muvofiq innovatsion moliyaviy yechimlarni ishlab chiqish va joriy etishda ishtirok etadi.
Tez orada ko‘rsatuvning ikkinchi sonini e’lon qilamiz. Unda Islomiy moliya ekotizimi va u qanday ishlashi haqida gaplashamiz.





