
Mubashshir Ahmadning sudi, oshayotgan issiq suv tariflari va dunyo narxlaridan farqli O‘zbekiston benzini – 19 avgust dayjesti
19.08.2025 | 22:0024718
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Mubashshir Ahmad sudi ochiq, ammo cheklovlar bilan boshlandi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudida taniqli diniy ulamo Mubashshir Ahmad (Alisher) Tursunovga oid jinoyat ishi sudya Bobur Rahimov raisligida ko‘rib chiqildi.
Sud jarayoni rasman ochiq deb belgilangan bo‘lsa-da, unda qat’iy cheklovlar joriy etildi. Jurnalistlar sud zaliga kiritildi, ammo kamera va telefon vositalaridan foydalanish taqiqlandi. Shuningdek, ularga suddan tashqarida fikr bildirish mumkin emasligi aytildi. Keyingi sud majlisi 8 sentyabr kuni o‘tkazilishi e’lon qilindi.
O‘zbekiston g‘allasi: noma’lum statistika, narxlar oshishi va jahon bozoridagi xavf
2025 yilning g‘alla mavsumi yakunlanmoqda, biroq hosil haqida rasmiy ma’lumot e’lon qilinmadi. Ilgari fermerlar kengashi yoki vazirlik 15 iyuldan qolmay bu borada axborot berib kelgan bo‘lsa, bu yil butun soha jim. Bu holat bozorda turli taxminlar, narxlar barqarorligi va importga qaramlik haqida ko‘plab savollar tug‘dirmoqda.
Vaqt.uz Non narxlariga nima ta’sir qilishi, O‘zbekistonda un mahsulotlariga talab qanday ekani va Qozog‘istondagi holat haqidagi savollarga javob izladi. maqolani mazkur havoladan topasiz.
Dunyoda neft narxi pasaydi: O‘zbekistonda esa benzin yana qimmatlashdi
Ukrainada urushini tugatish bo‘yicha muzokaralar jahon bozorida neft narxini 10 foizdan ko‘proqqa arzonlashtirdi. Biroq bu hol O‘zbekistondagi benzin narxida zarracha aks etayotgani yo‘q.
Butun dunyoda neft narxi 10 foizdan ortiq arzonladi, biroq O‘zbekiston buning teskari sodir bo‘ldi. Standartlarga javob bermaydigan AI-92 narxi tonnasiga 13 mln 66 ming so‘mga oshgan edi. Aniqrog‘i, 1 litr 92 benzin narxi kamida 10 ming 700 so‘mgacha ko‘tarildi. Hattoki, ayrim AYOQSHlarda AI-80 benzinning narxi 9 ming so‘mga yetgan. Ya’ni 11-12 foizga qimmatladi.
Elektr va gaz uzilishlari tadbirkorlar uchun asosiy muammo bo‘lib qolmoqda — Markaziy bank
Elektr va gaz ta’minotidagi uzilishlar butun mamlakat bo‘ylab tadbirkorlik sub’ektlarining to‘liq quvvatda faoliyat yuritishiga to‘sqinlik qilmoqda. Bu haqda Markaziy bank o‘zining respublikada biznes kayfiyatiga bag‘ishlangan sharhida ma’lum qildi. Farg‘ona, Samarqand, Jizzax va Surxondaryo viloyatlarida ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasi sezilarli oshgan bo‘lsa, Xorazm, Qashqadaryo, Andijon va Toshkent viloyatlarida pasaygan.
«Tadbirkorlar tomonidan energiya ta’minotidagi uzilishlar, aylanma mablag‘larning kamligi, soliq tizimidagi murakkabliklar va ijara xarajatlarining yuqoriligi to‘liq quvvatda faoliyat yuritmaslikning asosiy sabablari sifatida qayd etildi», — deyiladi sharhda.
Toshkent viloyatida issiq suv tariflari oshadi, shunday bo‘lsa ham poytaxtdan arzon
Toshkent viloyati xalq deputatlari Kengashi 2025 yil 18 avgustdagi yig‘ilishida issiq suv va isitish xizmatlari uchun yangi tariflarni tasdiqladi. Qarorga ko‘ra, aholi, byudjet tashkilotlari va yirik iste’molchilar uchun xizmat narxlari 10 sentyabrdan amalga kiritiladi. Aholi uchun xizmat narxlari o‘rtacha 10 foizga oshiriladi.
Otabek Bakirovning e’tibor qaratishicha, yangi narxlar joriy etilgandan keyin ham Toshkent viloyatidagi tariflar poytaxtdagidan ancha arzon bo‘lib qolmoqda. Masalan, «Issiqlik ta’minoti» MCHJda 1 kub metr issiq suv 5 654,88 so‘m etib belgilangan. Solishtirish uchun, hozir «Veolia Energy Tashkent» MCHJ tariflariga ko‘ra, poytaxtda 1 kub metr issiq suv 7 764,06 so‘mni tashkil etadi. Bu esa viloyatda narxlar 37 foizga arzon ekanini ko‘rsatadi.
Yana bir jihat, Veolia Energy Tashkent MCHJ 1 oktyabrdan tariflarini oshirgach, viloyat va poytaxtdagi issiq suv narxlari o‘rtasidagi farq 57,9%ga yetadi. Bu holat viloyatdagi issiq suv xizmatlari poytaxtdagidan ancha arzon bo‘lib qolishini anglatadi.





