
Mubashshir Ahmadning sudi yana qoldirildi
08.09.2025 | 21:4045094
19 avgust kuni sud ishi guvohlar kelmagani sababli 8 sentyabrga qoldirilgandi. Bugun sud majlisi yana qoldirilib, 15 sentyabrda davom ettiriladigan bo‘ldi.

Bugun, 8 sentyabr kuni soat 16:00 da Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Uchtepa tumani sudida Mubashshir Ahmad taxallusi bilan tanilgan Alisher Tursunovning sudi davom ettirildi.
Sudda qatnashish uchun qator jamoatchilik vakillari, jurnalistlar hamda sudlanuvchining yaqin qarindoshlari sud binosi oldida yig‘ilishdi. Bu safar ham sudga kirayotganlardan ovoz yozish, tasvirga olish uskunalari hamda qo‘l telefonlarini topshirish so‘raldi.
19 avgust kuni sud ishi guvohlar kelmagani sababli 8 sentyabrga qoldirilgandi. Ikkinchi sud majlisida qatnashgan guvohlar qo‘yilayotgan ayblovlar uchun yetarlicha dalil keltira olishmagan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, shu sabab Mubashshir Ahmadga qo‘yilayotgan ayblovlar sirasidan «millatlararo nizo qo‘zg‘atish» ayblovi olib tashlangan. O‘z navbatida guvohlardan birining da’vosi ham bekor qilingan.
Sud majlisi yana qoldirilib, 15 sentyabrda davom ettiriladigan bo‘ldi. Bunga sudlanuvchini so‘roq qilishga vaqt yetmagani sabab qilib ko‘rsatilgan.
Ma’lumot uchun, Mubashshir Ahmad «Azon tv» kanalida olib borgan diniy, ma’rifiy faoliyati davomida 2023 yilda Diniy qo‘mita xulosasini olmasdan diniy mazmundagi materialni ushbu kanal orqali tarqatgani uchun ma’muriy jazoga tortilgan. 2023 yilda bu holat takroriy sodir qilingan deb topilib, jinoyat ishi qo‘g‘atilgan.
Unga Jinoyat kodeksining 244 prim 3 moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, keyinroq shu moddaning 1-qismi “g” bandi bilan qo‘shimcha ayblov e’lon qilingan. Oradan sal fursat o‘tib, 156-moddasi 2-qismi ham ishga qo‘shilgan.





