
Muddati o‘tgan oziq-ovqat mahsulotlarini sotganlik uchun jarima 12 mln so‘mgacha oshirildi
10.10.2025 | 18:2246924
Prezident qaroriga ko‘ra, yaroqlilik muddati o‘tgan mahsulot sotgan tadbirkorlarga nisbatan javobgarlik kuchaytiriladi va «Iste’molchi murojaati» axborot tizimi ishga tushiriladi.

O‘zbekistonda muddati o‘tgan yoki yaroqlilik sanasi ko‘rsatilmagan oziq-ovqat mahsulotlarini sotganlik uchun jarimalar uch barobarga oshirildi. Endi jarimaning eng yuqori miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravariga teng bo‘ladi — bu 12 million 360 ming so‘mni tashkil etadi.
Prezidentning 6 oktyabrda qabul qilingan iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga oid qarori bilan Raqobat qo‘mitasining tegishli taklifi ma’qullandi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 178-moddasiga ko‘ra, yaroqlilik muddati o‘tgan yoki ishlab chiqarilgan sana va muddat ko‘rsatilmagan tovarlarni sotish yoki sotish uchun qabul qilganlik uchun fuqarolarga avval 1,2 mln so‘mdan 4,2 mln so‘mgacha, mansabdor shaxslarga esa 2,8 mln so‘mdan 4,2 mln so‘mgacha jarima qo‘llanilar edi. Endilikda eng yuqori miqdor 12 mln so‘mdan oshadi.
Shuningdek, Raqobat qo‘mitasi iste’molchilarning shikoyatlarini qabul qilish uchun yangi «Iste’molchi murojaati» axborot tizimini ishga tushiradi. Ushbu tizim orqali shikoyatlarni ko‘rib chiqish jarayoni barcha bosqichlarda nazorat qilinadi. Tizim Davlat soliq qo‘mitasi shaxsiy kabineti bilan integratsiya qilinib, tadbirkorlarga murojaatlar haqida tezkor xabar berish imkonini yaratadi.
Dastlabki tartibga ko‘ra, murojaatlar tadbirkor tomonidan 10 kun ichida hal etilishi kerak. Agar muammo hal etilmasa, ariza Raqobat qo‘mitasi yoki iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tashkilotlariga yuboriladi. Bunday tashkilotlar qoidabuzarlikni ixtiyoriy bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berish vakolatiga ega bo‘ladi.
Qarorga muvofiq, oziq-ovqat va etil spirti mahsulotlaridan maqsadli foydalanishni nazorat qilish vakolati Bosh prokuratura huzuridagi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasiga o‘tkazildi.
Shuningdek, 2026 yildan raqamli markirovka tizimi orqali yaroqlilik muddati o‘tgan tovarlarning savdosi avtomatik ravishda cheklanadi — bunday mahsulotlar uchun kassa cheki chiqarilmaydi.





