My Bank’da muammoli kreditlar ulushi bir oyda 2,7 foizdan 50,8 foizga oshdi
Bankdagi NPL hajmi bir oyda 285,5 mlrd so‘mga ko‘paydi. Natijada muammoli kreditlarning jami portfeldagi ulushi 50,8 foizga chiqdi. E’tiborlisi, bankda bu ko‘rsatkich bungacha ketma-ket pasayib kelayotgan edi.
© Yandex maps2026-yil aprel oyida O‘zbekiston bank tizimidagi muammoli kreditlar hajmi 2 trln so‘mdan ko‘proq oshib, 21,9 trln so‘mga yetdi.
Oy davomidagi eng keskin o‘zgarish My Bank nomi ostida faoliyat yuritayotgan Madad Invest Bankda kuzatildi.
Bank tizimida NPL kredit portfelidan tezroq o‘sdi
1-apreldan 1-maygacha mamlakatdagi banklarning jami kredit portfeli 623,3 trln so‘mdan 629 trln so‘mga yoki 0,9 foizga oshdi.
Muammoli kreditlar hajmi esa shu davrda 19,86 trln so‘mdan 21,92 trln so‘mga yetib, 10,4 foizga ko‘paydi. Natijada NPLning jami kreditlardagi ulushi 3,2 foizdan 3,5 foizga ko‘tarildi.
Bir oy ichida muammoli kreditlar eng ko‘p quyidagi banklarda oshgan:
«O‘zmilliybank» — 484,8 mlrd so‘mga;
«Kapitalbank» — 439,2 mlrd so‘mga;
«Agrobank» — 351,2 mlrd so‘mga;
My Bank — 285,5 mlrd so‘mga;
Orient Finance Bank — 181,8 mlrd so‘mga.
Ayrim banklarda esa muammoli kreditlar kamaygan. «O‘zsanoatqurilishbank»da NPL 79,1 mlrd so‘mga, «Poytaxt bank»da 34,6 mlrd so‘mga, «Turonbank»da 25,8 mlrd so‘mga, Garant bank’da 24,7 mlrd so‘mga va «Asakabank»da qariyb 17 mlrd so‘mga qisqargan.
My Bank’da har ikki so‘mlik kreditning bir so‘mi muammoli
1-aprel holatiga Madad Invest Bank’ning kredit portfeli 399 mlrd so‘mni, muammoli kreditlari esa 11 mlrd so‘mni tashkil etgan. NPL ulushi 2,7 foiz darajasida edi.
Bir oy o‘tib bankning kredit portfeli 584 mlrd so‘mga yetgan. Shu bilan birga, muammoli kreditlar hajmi qariyb 27 barobar oshib, 296 mlrd so‘mni tashkil qilgan.
Natijada NPL ulushi bir oy ichida 2,7 foizdan 50,8 foizgacha, ya’ni 48,1 foiz punktga ko‘tarilgan. Bu 1-may holatiga bank kredit portfelidagi har ikki so‘mning bir so‘mdan ko‘prog‘i muammoli kredit sifatida tasniflanganini anglatadi.
Aprel oyida butun bank tizimida qayd etilgan NPL o‘sishining qariyb 14 foizi aynan My Bank hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Bungacha portfel sifati yaxshilanib kelayotgandi
Bankning muammoli kreditlar ko‘rsatkichi avvalgi davrlarda ham yuqori va o‘zgaruvchan bo‘lgan.
2025-yil boshida Madad Invest Bank’ning 307 mlrd so‘mlik kredit portfelidan 74 mlrd so‘mi yoki 24,1 foizi muammoli kreditlar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Keyingi choraklarda bu ko‘rsatkich izchil pasaygan:
2025-yil 1-aprel — 9,7 foiz;
2025-yil 1-iyul — 5,5 foiz;
2025-yil 1-oktabr — 0,3 foiz;
2026-yil 1-yanvar — 0,6 foiz;
2026-yil 1-aprel — 2,7 foiz.
Shu sababli aprel oyidagi 50,8 foizlik ko‘rsatkich bank portfeli sifatidagi oddiy yomonlashuvdan ko‘ra ancha keskin o‘zgarish hisoblanadi.
Bank 2025-yilni foyda bilan yakunlagan
2025-yilda My Bank’ning sof foydasi 8,9 mlrd so‘mni tashkil etdi. Bu 2024-yilga nisbatan 27,2 foizga yoki 1,9 mlrd so‘mga ko‘p.
Bankning yillik foizli daromadlari 88,1 mlrd so‘mga, foizsiz daromadlari esa 31,7 mlrd so‘mga yetgan. Xodimlarning ish haqi va boshqa xarajatlari uchun 29,1 mlrd so‘m sarflangan, davlat budjetiga 3,2 mlrd so‘m soliq to‘langan.
Shu bilan birga, 2025-yilning dastlabki to‘qqiz oyida bank 11,1 mlrd so‘m sof foyda qayd etgan edi. Yil yakunidagi foyda 8,9 mlrd so‘m bo‘lganini hisobga olsak, to‘rtinchi chorak davomida bankning jami moliyaviy natijasi qariyb 2,2 mlrd so‘mga pasaygan.
Aktivlar oshdi, kredit portfeli qisqardi
2026-yilning birinchi choragida bank aktivlari 901,9 mlrd so‘mdan 1,02 trln so‘mga yetib, 13,5 foizga o‘sgan.
Biroq kredit portfeli 427,1 mlrd so‘mdan 399,1 mlrd so‘mga yoki 6,5 foizga qisqargan. Mijozlarning talab qilib olinguncha va jamg‘arma depozitlari jami qariyb 215,8 mlrd so‘mdan 202,7 mlrd so‘mga kamaygan.
Ayni paytda boshqa banklarga to‘lanadigan mablag‘lar 123,3 mlrd so‘mdan 271,4 mlrd so‘mga, ya’ni 2,2 barobarga oshgan. Bu birinchi chorakdagi aktivlar o‘sishida banklararo jalb qilingan mablag‘larning roli sezilarli bo‘lganini ko‘rsatadi.
Bank 2026-yilning dastlabki uch oyini 2,85 mlrd so‘m sof foyda bilan yakunlagan. Foizli daromadlar 25,9 mlrd so‘mni, foiz xarajatlari esa 14,9 mlrd so‘mni tashkil etgan.





