
my.gov.uz portalidagi pulli xizmatlar bank va mobil aloqa operatorlari ilovalariga bog‘lanadi
17.09.2025 | 21:001944
Shuningdek, talabalar ijara to‘lovining bir qismini qaytarish bo‘yicha yagona portal orqali murojaat qilishlari mumkin bo‘ladi.

«Respublikaning hudud, soha va tarmoqlarida raqamli texnologiyalar joriy etilishini yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori (PQ–286-son, 16.09.2025 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Qarorga muvofiq, «Raqamli hukumat» dasturi doirasida 2025–2026 yillarda 41 ta ustuvor loyiha amalga oshirilib, elektron davlat xizmatlari ulushi 70 foizga yetkaziladi. Shu bilan aholi va tashkilotlar uchun davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari yanada kengayadi.
2025 yil dekabridan nodavlat notijorat tashkilotlari idoralararo integratsiya platformasi orqali elektron hamkorlik qilish huquqiga ega bo‘ladi. 2026 yildan esa «Raqamli mahalla» tizimi orqali aholi bilan ishlash, ijtimoiy yordam ko‘rsatish hamda ma’lumotlarni yuritish jarayonlari raqamlashtiriladi.
2025 yil 1 noyabrdan boshlab Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida jismoniy shaxslarning shaxsga doir ma’lumotlari ularning shaxsiy kabineti orqali real vaqt rejimida taqdim etiladi. Bunda jismoniy shaxsning Yagona portaldagi shaxsga doir ma’lumotlari ularning qog‘oz shakliga tenglashtiriladi.Ushbu ma’lumotlar Yagona portalning mobil ilovasidan foydalangan holda ko‘rsatilganda davlat organlari va tashkilotlari tomonidan mazkur ma’lumotlarning qog‘oz shaklini talab qilish taqiqlanadi.
Sog‘liqni saqlash sohasida 2026 yil 1 maydan nogironlikni belgilash jarayonlari elektron navbat va yo‘llanmalar asosida amalga oshiriladi. Shuningdek, tibbiy ko‘rik jarayonida sun’iy intellektga asoslangan «Shifokorning raqamli yordamchisi» dasturi ishga tushiriladi.
Ta’lim yo‘nalishida ham yangi imkoniyatlar yaratiladi. 2025 yil noyabrdan davlat oliy ta’lim muassasalari talabalari ijara to‘lovining bir qismini qaytarish uchun portal orqali murojaat qilishi mumkin bo‘ladi. 2026 yildan esa ta’lim jarayoni bilan bog‘liq davlat xizmatlari to‘liq Yagona portal orqali ko‘rsatiladi.





