add

Namangan shahar hokimi 60 ming dollar pora olishda ayblanmoqda

02.09.2025 | 11:482164

Namanganda shahar hokimi Anvar Otaxo‘jayev tadbirkordan ko‘p qavatli uy qurish uchun yer ajratish evaziga pora talab qilganlikda ayblanmoqda.

Namangan shahar hokimi 60 ming dollar pora olishda ayblanmoqda

Davlat xavfsizlik xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, shahar hokimi poyabzal ishlab chiqaruvchi mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari bilan til biriktirib, fuqarodan 60 ming AQSH dollari talab qilgan. Bu mablag‘ evaziga u shahar markazidagi 35 sotix maydonda joylashgan eski turar-joy binolari o‘rniga ko‘p qavatli uy qurish huquqini ta’minlashga va’da bergan.

Tezkor tadbir chog‘ida dastlab MCHJ rahbari pulni qabul qilayotganda ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Shundan so‘ng hokim ham devonxona mudiri orqali pulni olgan paytda qo‘lga olingani ma’lum qilinmoqda.

Tergov organlari ma’lumotiga ko‘ra, shahar hokimi deputatlik daxlsizligidan mahrum qilinib, unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Unga Jinoyat kodeksining 210-moddasi 3-qismi «a» bandi asosida ayblov qo‘yilgan. Shuningdek, MCHJ rahbari va devonxona mudiri ham turli moddalar bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortilishi belgilangan.

Tergov doirasida hokimning boshqa noqonuniy harakatlari ham o‘rganilayotgani ma’lum qilindi.

Qayd etib o‘tish kerak, shahar hokimiga jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olinishidan avval Xalq deputatlari Namangan shahar kengashi sessiyasida Anvar Otaxo‘jayevning deputatlik daxlsizligi bekor qilingan. Vaqt.uz manbasiga ko‘ra, bu borada deputatlar ikki bor yig‘ilish o‘tkazishgan. O‘tgan juma kuni o‘tkazilgan birinchi yig‘ilishda deputatlar hokimning daxlsizligini yechishga rozi bo‘lishmagan. Shu kunning o‘zida ikkinchi yig‘ilishda esa daxlsizlikni bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Teglar

Mavzuga oid