add

Namangan va Farg‘onada katta miqdorda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari ushlandi

07.09.2025 | 09:4517374

Bir guruh shaxslar kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini Qirg‘izistondan noqonuniy olib kirib, sotishni rejalashtirgan.

Namangan va Farg‘onada katta miqdorda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari ushlandi
Davlat xavfsizlik xizmati va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar Qirg‘izistondan noqonuniy olib kirilgan minglab dori vositalari aylanishini to‘xtatdi. Namangan viloyatida muqaddam jinoyat sodir etgan shaxs yana noqonuniy yo‘lga qadam qo‘ydi. U Qirg‘iziston Respublikasidan kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini olib kirib, sotish orqali daromad topishni rejalashtirgan. Buning uchun qirg‘izistonlik tanishi bilan kelishib, katta partiyadagi preparatlarni yetkazib berishni so‘ragan. Natijada qirg‘izistonlik shaxs 16 755 dona «Regapen» nomli dori vositasini Kosonsoy tumaniga yashirin yo‘llar orqali olib kelib, xufiya joyga joylashtirdi. Keyin esa namanganlik shaxs preparatlarni Namangan shahriga olib kelish uchun o‘z hamshahariga 500 ming so‘m va’da qilgan. Davlat xavfsizlik xizmati Namangan viloyati boshqarmasi viloyat Ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirda kur’er dori vositalarini olib ketayotganda ushlandi. Tadbir davomida buyurtmachi ham qo‘lga olindi. Har ikkalasiga nisbatan Jinoyat kodeksining 246 va 251-1-moddalari bo‘yicha ish qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi. Farg‘ona viloyatida ham shunga o‘xshash holat qayd etildi. Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar va Bojxona organlari hamkorlikda o‘tkazgan tadbirda Qo‘qon shahrida istiqomat qiluvchi shaxs to‘xtatildi. Uning «Treker 2» avtomashinasi yukxonasidan 11 200 dona «Regapen» dori vositalari topildi. Tergovga qadar tekshiruvda preparatlar Qirg‘izistondan aylanma yo‘llar orqali olib kirilgani aniqlandi. Hozirda shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi.

Teglar

Mavzuga oid