
Namangan viloyatida 3 ta tumanni viloyat markazi bilan bog‘laydigan yangi ko‘prik qurilmoqda
15.07.2025 | 14:1518323
Norin daryosida Uychi, Uchqo‘rg‘on va Norin tumanlarini viloyat markazi bilan bog‘laydigan yangi ko‘prik qurilmoqda. Loyiha orqali 450 ming aholi va tadbirkorlar uchun qulay transport infratuzilmasi yaratilishi rejalashtirilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 30 dekabrdagi «2023–2025 yillarda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, Norin daryosi ustida yangi ko‘prik qurilishi ishlari boshlangan.
Qurilayotgan ko‘prikning umumiy uzunligi 481,5 metr, eni esa 15,1 metrni tashkil etadi. Qatnov qismi 7,5 metr kenglikda bo‘lib, ikki tomonda 2 metrli xavfsizlik tasmalari va 1,8 metrdan piyodalar yo‘laklari bilan jihozlanadi. Loyiha doirasida, shuningdek, 17,5 km yangi avtoyo‘l ham barpo etiladi.
Mazkur infratuzilma loyihasi orqali transport tirbandliklarini kamaytirish, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish va aholi uchun harakatlanish imkoniyatlarini yaxshilash ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, viloyat markazigacha bo‘lgan yo‘l masofasi 20 km ga qisqaradi. Bu 450 ming aholi yashaydigan yuzdan ziyod mahallaga ham qulaylik yaratadi.
Qiyin muhandislik talab qiluvchi ko‘prik qurilishi «O‘zyo‘lko‘prik» klasterining Toshkent viloyati filiali tomonidan amalga oshirilmoqda. Loyiha buyurtmachisi sifatida «Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish direksiyasi» DUK belgilangan. Qurilish ishlari 2026 yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.





