add

Namanganda 30 milliard so‘mlik qalbaki dori vositalari aniqlandi

Kecha 12:351022

Ayblanuvchilar sanitariya talablariga javob bermaydigan joyda, nomlarini o‘zgartirgan holda 9 turdagi kontrafakt dori vositalarini tayyorlab kelgan.

Namanganda 30 milliard so‘mlik qalbaki dori vositalari aniqlandi

Namangan shahrida Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Bojxona qo‘mitasi xodimlari hamkorligida qalbaki dori vositalari ishlab chiqarish bilan bog‘liq jinoiy faoliyat aniqlandi. Bu haqda DXX axborot xizmati xabar berdi.

Tezkor tadbir jarayonida biologik faol qo‘shimchalar ishlab chiqarish uchun litsenziya olgan mahalliy MCHJ rahbari belgilangan tartib-qoidalarni buzgan holda dori vositalari tayyorlagani ma’lum bo‘ldi. U sanitariya talablariga javob bermaydigan binoda yashirin sex tashkil etib, u yerda kontrafakt dori vositalarini ishlab chiqarib kelgan.

Tekshiruv natijasida 1,2 mlrd so‘mdan ortiq qiymatdagi 9 turdagi 138031 quti dori vositalari va biologik faol qo‘shimchalar, 1,8 mlrd so‘mlik prekursorlar, 3,4 mlrd so‘mlik flakon, qopqoq, quti va etiketkalar, 18 mlrd so‘mlik 14 nomdagi ishlab chiqarish uskunalari, 5,6 mlrd so‘mlik 23 dona katta va kichik hajmdagi maxsus idishlar – ya’ni, umumiy qiymati o‘rtacha 30 mlrd so‘mni tashkil etuvchi tovar-moddiy boyliklar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.

Ma’lum bo‘lishicha, ishlab chiqaruvchi «Pikovit»ni «Pivovit», «Kanefron»ni «Kanaseron», «Espumizan»ni «Espumetik», «Nistatin»ni «Nestitam» nomi bilan qalbaki ravishda ishlab chiqargan. Bu dori vositalari Farg‘ona vodiysi, Toshkent va boshqa viloyatlarga tarqatilgani aniqlandi.

Hozirda ushbu mahsulotlar bo‘yicha ekspertiza tayinlangan, tergovga qadar surishtiruv ishlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzax va Samarqand viloyatlarida ham noqonuniy dori savdosi fosh etilganligi haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid

Namanganda 30 milliard so‘mlik qalbaki dori vositalari aniqlandi | Vaqt.uz