add

Naqd bo‘lmasa kartada — plastik karta orqali pora olgan bojxona inspektori qo‘lga olindi

18.07.2025 | 13:0010103

Namanganda 57 dona iPhone 16 Pro Max qurilmasini IMEI-kodi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazib berish uchun har biridan 100 dollar talab qilgan bojxona inspektori pora olgan paytda ushlandi.

Naqd bo‘lmasa kartada — plastik karta orqali pora olgan bojxona inspektori qo‘lga olindi
Keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura huzuridagi Departament va Bojxona qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan hamkorlikdagi tezkor tadbir davomida Namangan viloyati «Uchqo‘rg‘on» bojxona postida faoliyat yurituvchi inspektor pora bilan qo‘lga tushdi. 1993 yilda tug‘ilgan, Davlatobod tumanida yashovchi mazkur shaxs Toshkent xalqaro aeroportida ishlovchi tanishi orqali 57 dona iPhone 16 Pro Max telefon qurilmasini IMEI-kodi asosida ro‘yxatdan o‘tkazib berish uchun har bir telefondan 100 dollardan jami 5700 dollar talab qilgan. Shuningdek, avvalroq bir fuqaro tomonidan deklaratsiyasiz olib kirilgan kiyim-kechak uchun chora ko‘rmagani uchun yana 400 dollar talab qilgan. Inspektor 11 va 14 iyul kunlari jami 900 dollar ekvivalentida 11 mln 317 ming so‘mni o‘z va qarindoshiga tegishli bank plastik kartalariga o‘tkazdirib olgan. 16 iyul kuni esa 1000 dollar miqdoridagi 12 mln 550 ming so‘mni yana qarindoshi kartasiga o‘tkazdirgan paytda ushlangan. Ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «v» bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid