
NATO Rossiya va Belarus chegarasidagi 3,5 ming km masofani minalashtirmoqchi
25.06.2025 | 09:4011683
Finlandiyadan Polshagacha bo‘lgan chegarada NATO davlatlari Rossiyaning ehtimoliy bosqiniga tayyorgarlik sifatida piyodalarga qarshi minalar joylashtirish niyatida. Besh davlat hattoki Ottava konvensiyasidan chiqmoqchi.

The Telegraph nashrining yozishicha, NATOga a’zo bo‘lgan va Rossiya hamda Belarus bilan chegarada joylashgan besh davlat — Finlandiya, Estoniya, Latviya, Litva va Polsha — Ottava konvensiyasidan chiqib, piyodalarga qarshi minalardan foydalanishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Buning maqsadi — Rossiya armiyasining ehtimoliy hujumiga qarshi chegaralarni mustahkamlashdir.
Yangi «temir parda» Finlandiya shimolidagi Laplandiyadan boshlab, Polshaning Lublin voyevodasigacha bo‘lgan 3440 kmlik chegara bo‘ylab cho‘zilishi kutilmoqda.
Piyodalarga qarshi minalarni taqiqlash harakatining faol kurashchisi malika Diana edi. uning tashabbusi bilan 1997 yilda Buyuk Britaniya ham bu kampaniyaga qo‘shilgan va Ottava konvensiyasi ayni paytda Yevropaning ko‘pgina davlatlari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Endi bu besh davlat bu konvensiyadan chekinmoqchi.
Rossiya esa bu kabi xalqaro shartnomalarni hech qachon qabul qilmagan. Landmine Monitor’ning 2024 yilgi hisobotiga ko‘ra, Rossiya so‘nggi yillarda 26 milliondan ortiq piyodalarga qarshi minalar zaxira qilgan va ularni Ukrainada faol ishlatmoqda. Taqqoslash uchun: ikkinchi o‘rinda turgan Pokistonda 6 mln, Xitoyda esa 5 mln mina mavjud.
Litva mudofaa vaziri Dovile Shakalenening ta’kidlashicha, 2003 yilda Ottava konvensiyasiga qo‘shilganidan beri mamlakat xavfsizligi radikal yomonlashgan.
Litva mina ishlab chiqarish uchun 800 mln yevro ajratgan va hozirda mudofaa xarajatlarini YAIMning 5,5 foizigacha ko‘tarishni rejalashtirmoqda. NATO harbiy rejachilari esa Rossiya Boltiqbo‘yi mamlakatlariga hujum qilish uchun Litva orqali Kaliningradga boradigan poyezd yo‘lini bahona qilishi mumkinligini baholashmoqda.





