
NATO Rossiyadan Ukrainaga qarshi intiqom kutayotganini ma’lum qildi
05.06.2025 | 08:1542413
Ukrainaning strategik aviatsiya bazalariga qaratilgan «Pautina» operatsiyasi orqali amalga oshirgan keng ko‘lamli dron hujumidan so‘ng, NATO Rossiyadan intiqom zarbalari bo‘lishini kutayotganini ma’lum qildi.

The Moscow Times nashrining alyansdagi yuqori lavozimli manbasi so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning javob harakatlari yanada kuchli aviazarbalar bilan namoyon bo‘lishi mumkin. «Rossiya avval ham bunday hujumlar uchun alohida bahona izlamagan edi, endi esa ushbu operatsiyani yangi bosqichdagi tajovuz uchun sabab sifatida qo‘llashi ehtimoldan yiroq emas», — degan NATO vakili.
Ayni paytda, NATO rasmiylari Rossiyaning strategik aviatsiyasiga yetkazilgan zararni o‘z kanallari orqali tasdiqlashgan. Ma’lum qilinishicha, Ukraina hujumida 40 dan ortiq samolyot shikastlangan, shundan 10–13 tasi to‘liq yo‘q qilingan. Yo‘q qilinganlar orasida razvedka A-50 samolyotlari ham bor.
Shuningdek, manba operatsiyada NATOga a’zo davlatlarning razvedka ma’lumotlari qo‘llanilgani haqida aniq ma’lumotga ega emasligini aytgan. Ammo Rossiya aviatsiya bazalari joylashgan hududlar keng ommaga ma’lum ekanini ta’kidlagan.
Alyans vakilining ta’kidlashicha, hujumga uchragan samolyotlarning hammasi to‘liq ishchi holatida bo‘lganmi yoki ehtiyot qismlar sifatida saqlangani hozircha aniq emas. U Moskva tomonidan mojaroni yanada avj oldirish xavfi doimo mavjudligini ham tan olgan.





