add

NATO Ukrainaga a’zolik taklifini saqlab qolmoqda — Mark Ryutte

10.06.2025 | 09:3025593

NATO Ukrainaga a’zo bo‘lish bo‘yicha va’dasidan qaytmasligini ma’lum qildi. Blok bosh kotibi Mark Ryuttega ko‘ra, bu yo‘l «orqaga qaytmas» va bu baholash NATOning yaqindagi sammitida ham o‘zgarmaydi.

NATO Ukrainaga a’zolik taklifini saqlab qolmoqda — Mark Ryutte
Londondagi Chatham House markazida so‘zga chiqqan Ryutte, 24–25 iyun kunlari Haagada bo‘lib o‘tadigan sammit yakunlarida qabul qilinishi kutilgan kommyunikeda Ukraina masalasi o‘z aksini topishini bildirdi. Biroq unga ko‘ra, hozircha a’zolar Kiyevni NATOga qabul qilish vaqti yetib kelgani haqida yagona to‘xtamga kelgani yo‘q. Ryutte Amerika prezidenti Donald Trampni Vladimir Putin bilan muzokaralar olib borishga va uni urushni to‘xtatishga chaqirdi. «U Putin bilan bu dahshatli urushni qanday yakunlash haqida gaplashishni boshlashi kerak», — dedi NATO rahbari. Shuningdek, Ryutte AQSH prezidenti Tramp, Jo Bayden ma’muriyatidan farqli ravishda, urushni tugatish bo‘yicha NATO ittifoqchilari bilan hamkorlikda harakat qilayotganini qayd etdi. NATO bosh kotibining ta’kidlashicha, Rossiya Xitoy, Shimoliy Koreya va Eron bilan birlashgan holda o‘z harbiy salohiyatini kengaytirmoqda. «Putinning harbiy mashinalari sekinlamayapti, aksincha tezlashmoqda», — dedi u. Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva uch oyda NATO mamlakatlari bir yilda ishlab chiqaradigan miqdorda qurol yasamoqda. 2025 yilda Rossiya 1500 ta tank, 3000 ta bronetexnika va 200 ta «Iskander» raketasini ishlab chiqarishi kutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid