add

Navbahor Hamidova Jahon kubogida chempion bo‘lgan ilk o‘zbekistonlik ayol bokschi bo‘ldi

07.07.2025 | 18:0010693

O‘zbekiston bokschisi Navbahor Hamidova Jahon kubogida oltin medalini qo‘lga kiritib, ushbu musobaqada chempionlikka erishgan ilk o‘zbekistonlik ayol bokschi sifatida tarixga kirdi.

Navbahor Hamidova Jahon kubogida chempion bo‘lgan ilk o‘zbekistonlik ayol bokschi bo‘ldi
Qozog‘istonning Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan boks bo‘yicha Jahon kubogida O‘zbekiston terma jamoasi 1 ta oltin va 4 ta bronza medali bilan ishtirokini yakunladi. Musobaqada 29 davlatdan 250 nafar sportchi ishtirok etdi. Navbahor Hamidova -65 kg vazn toifasida turkiyalik Busenaz Surmenelini finalda 5:0 hisobida mag‘lub etib, oltin medalni qo‘lga kiritdi. Busenaz Surmeneli — uch karra jahon chempioni va Olimpiada chempioni hisoblanadi. Bu g‘alaba Hamidovaning unga qarshi avvalgi ikki mag‘lubiyati uchun munosib revansh bo‘ldi. Milliy olimpiya qo‘mitasi xabar berishicha, Navbahor Hamidova Jahon kubogida oltin medalni qo‘lga kiritgan ilk o‘zbekistonlik ayol bokschi bo‘ldi. Uning ushbu natijasi O‘zbekiston boks tarixi uchun muhim voqelik hisoblanadi. O‘zbekiston terma jamoasining boshqa a’zolari ham musobaqada muvaffaqiyatli ishtirok etishdi. Feruza Kazakova (-54 kg), Aziza Zokirova (-75 kg), Sohiba Ro‘zmetova (-80 kg) va Oltina Sotimboyeva (+80 kg) bronza medallarini qo‘lga kiritgan sportchilar bo‘ldi. Eslatib o‘tamiz, 2025 yil mart oyida O‘zbekiston ayollar terma jamoasi Serbiyada o‘tkazilgan jahon chempionatida 1 ta kumush va 3 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan edi. O‘shanda Navbahor Hamidova O‘zbekiston tarixida kattalar o‘rtasidagi jahon chempionati finaliga chiqqan birinchi ayol bokschi sifatida ringga ko‘tarilgan.

Teglar

Mavzuga oid