
Navoiyda havoni ifloslayotgan o‘nlab korxonalar faoliyati to‘xtatildi
31.07.2025 | 23:1425572
Navoiy shahridagi 22 ta korxona vaqtincha yopildi. Ular orasida «Navoiyazot» ham bor. Atrof-muhitga zarar yetkazayotgan ishlab chiqaruvchilarga qattiq ogohlantirish berilgan.

Navoiy viloyatida havo ifloslanishi darajasi keskin ko‘tarilgani munosabati bilan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi topshirig‘iga asosan keng ko‘lamli tekshiruvlar boshlandi. Tadbir natijasida bir nechta sanoat korxonalari me’yordan ortiq zararli moddalarni atmosferaga chiqarayotgani aniqlangan.
Xabar qilinishicha, 22 ta korxona faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan. 19 ta korxonaga nisbatan sudga da’vo arizasi kiritilgan. Yana 168 ta korxonada tekshiruvlar davom etmoqda, shulardan 42 tasida qonunbuzarlik holatlari aniqlangan. Jumladan, «Navoiyazot» aksiyadorlik jamiyatida me’yordan ortiq ammiak va vodorod sulfid moddalari atmosferaga chiqarilgani qayd etilib, javobgarlikka tortish choralari ko‘rilgan.
Ekovazirlik har bir aniqlangan korxonaga 10 kunlik muhlat bergan. Shu vaqt ichida kamchiliklar bartaraf etilmasa, ularning faoliyati sud orqali to‘liq to‘xtatilishi mumkinligi qayd etilgan.





