
Navoiyda sakkizta kon o‘zlashtiriladi, 566 million dollarlik investitsiya jalb etilmoqda
07.08.2025 | 21:001544
Mirziyoyevning Navoiy viloyatidagi islohotlar va yangi loyihalar yuzasidan o‘tkazgan yig‘ilishda 50 gektarli sanoat zonasi tashkil etish va minglab ish o‘rinlari yaratish rejasi bildirildi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev 7 avgust kuni Navoiy viloyatida islohotlar natijadorligi va yangi rejalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Ma’lum qilinishicha, so‘nggi sakkiz yilda viloyatda 8 milliard dollarlik 7 mingdan ziyod investitsiya loyihalari amalga oshirilgan va 73 mingta yangi ish o‘rni yaratilgan. Bu muddatda tadbirkorlar soni uch barobarga ko‘paygan. Joriy yilning olti oyi ichida esa 643 million dollarlik investitsiya va 635 million dollarlik eksport amalga oshirilgan.
Yig‘ilishda Navoiyning qazilma boylik va yer resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha yetarlicha imkoniyatlar hali to‘liq ishga solinmayotgani qayd etilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatdagi qazilma boyliklarning 20 foizi, yaylov yerlarining esa 43 foizi aynan ushbu hududda joylashgan. Shu bois, 3 million gektar yaylovdan unumli foydalanish, chorvachilik va qishloq xo‘jaligi sohasida yangi loyihalar ilgari surilgan.
Yig‘ilishda umumiy qiymati 1,6 milliard dollar bo‘lgan qo‘shimcha loyihalar taqdim etilgan. Ushbu tashabbuslar doirasida 10 mingta yangi ish o‘rni va 238 million dollarlik eksport salohiyatini shakllantirish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Nurota tumanida 50 gektar maydonda sanoat zonasi tashkil etilishi, kashtachilik markazlari sonini ko‘paytirish va ehtiyojmand oilalarni quyosh panellari hamda ko‘chma do‘konlar bilan ta’minlash bo‘yicha ijtimoiy yo‘nalishdagi rejalar bildirilgan.
Yig‘ilish yakunida davlat rahbari loyihalarning iqtisodiy samaradorligini oshirish, yirik va kichik korxonalar o‘rtasida kooperatsiyani kuchaytirish, servis va turizm xizmatlarini rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlar bergan.





