
Nazoratdagi xizmat itlari, savollari tarqalib ketgan olimpiada va uzoq umr ko‘rayotgani aytilgan o‘zbeklar — 15 oktyabr dayjesti
15.10.2025 | 22:04345110
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

O‘zbekistonda ish beruvchilar uchun diplommi yoki tajriba — qaysi muhimroq?
O‘zbekistonda ish beruvchilarning yarmi nomzodlardagi amaliy tajribani diplomdan ustun qo‘yadi. hh.uz platformasi 100 dan ortiq kompaniyalar o‘rtasida o‘tkazgan so‘rov natijasida, ish beruvchilarning 47 foizi ish tajribasi va ko‘nikmalarni asosiy mezon sifatida belgilagani ma’lum bo‘ldi. Ayrim sohalarda, xususan, IT va injenerlik yo‘nalishlarida tajriba muhim bo‘lsa, ta’lim yoki huquq sohasida hali ham diplom asosiy talab sifatida saqlanmoqda.
So‘rov ishtirokchilarining 34 foizi bitiruv hujjatisiz, ammo malaka oshirish kurslarini tugallagan mutaxassislarni ishga qabul qilishga tayyor ekanini bildirgan. Bu mehnat bozorida nazariyadan ko‘ra amaliyotga tayangan, natija ko‘rsata oladigan kadrlarga talab ortib borayotganini ko‘rsatadi. hh.uz ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning uchinchi choragida o‘rtacha maoshlar 4,36 mln so‘mni tashkil etgan — bu o‘tgan yilga nisbatan 20 foizga kam.
Toshkent shahridagi jamoat joylarida xizmat itlari yordamida nazorat kuchaytirildi
Toshkentda jamoat joylarida xizmat itlari ishtirokida nazorat kuchaytirildi. Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya tomonidan qabul qilingan qo‘shma qarorga muvofiq, xiyobonlar, istirohat bog‘lari va bozorlarda narkotik hamda psixotrop moddalar noqonuniy aylanmasining oldini olish bo‘yicha patrul naryadlari tajriba-sinov asosida faoliyat boshladi.
Kinologiya bo‘limi xodimlari Toshkent City Mall, City Park, Dream Park va Magic City kabi joylarda xizmat itlari bilan birgalikda jinoyatlarning oldini olish va jamoat tartibini ta’minlashni kuchaytirmoqda. Itlar narkotik vositalarni aniqlash, hujum holatlariga javob qaytarish va yashiringan shaxslarni topish uchun maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan. Harorat +30°C dan yuqori yoki +1°C dan past bo‘lgan holatlarda patrul vaqti to‘rt soatdan oshmasligi belgilangan.
Matematika olimpiadasi savollari tarqalgani sababli tuman bosqichi qayta o‘tkaziladi
Ijtimoiy tarmoqlarda matematika fanidan Asosiy olimpiadaning tuman (shahar) bosqichi savollari tarqatilgani haqidagi xabarlar tarqalib, jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘lgan edi. Bu holat bo‘yicha Ixtisoslashgan ta’lim muassasalari agentligi rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lumotga ko‘ra, ayni paytda holat yuzasidan tegishli o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Olimpiadalarda adolatni ta’minlash maqsadida joriy yilgi tuman bosqichi har bir sinf kesimida (9-, 10-, 11-sinflar) qayta o‘tkaziladi.
Agentlik ma’lumot berishicha, fan olimpiadalari uchun savollar Respublika Fan olimpiadalari markazi tomonidan tuzilgan bo‘lib, ular hududlardagi Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalarida tashkil etilgan shtablarda chop etilgan. Biroq ayrim mas’ul xodimlar o‘z vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan yondashgani, adolatni ta’minlamagani sababli materiallar tarqalgan.
«Hozirda bu holatga sababchi shaxslar aniqlanmoqda va ular amaldagi qonunchilik doirasida javobgarlikka tortiladi», — deyiladi agentlik bayonotida.
O‘zbekistonda pensiya oluvchilar soni 4,2 million nafarga yetdi
O‘zbekistonda pensiya oluvchilar soni 4,2 million nafardan oshdi. Pensiya jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil 1 oktyabr holatiga mamlakat bo‘ylab jami 4 million 241,8 ming fuqaro nafaqa oluvchi sifatida qayd etilgan. Ulardan 3,5 millioni yoshga doir pensiya, 482 ming nafari nogironlik, 245,6 ming oila esa boquvchisini yo‘qotganlik uchun pensiya oladi. Eng ko‘p pensiya oluvchilar Farg‘ona, Samarqand va Toshkent hududlarida qayd etilgan, eng kami esa Sirdaryo viloyatida.
Pensiya to‘lovlari tizimi raqamlashtirilib, Face-ID orqali biometrik identifikatsiya usulida amalga oshirilmoqda. Bu jarayon nafaqa to‘lovlarini shaffof va qulay qilishga qaratilgan. Moliya vazirligi huzuridagi Pensiya jamg‘armasi bu tizim orqali pensiya oluvchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini yanada oshirishni rejalashtirmoqda.
O‘zbekistonda uzoq umr ko‘ruvchilar soni yil sayin ortib bormoqda
O‘zbekistonda uzoq umr ko‘ruvchilar soni yil sayin ortib bormoqda. «Oila va gender» instituti ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil boshiga 90 yosh va undan katta aholi soni 18,9 ming nafarga yetgan, ularning uchdan ikki qismi ayollardir. Eng ko‘p uzoq umr ko‘ruvchilar Farg‘ona, Toshkent va Qashqadaryo hududlarida yashaydi. Mutaxassislar bu o‘sishni 1935–1950 yillarda tug‘ilgan avlodning uzoq umr ko‘ruvchi yoshga kirishi bilan izohlamoqda.
Demografik prognozlarga ko‘ra, 2030 yilda uzoq umr ko‘ruvchilar soni 44 ming, 2040 yilda esa 94 ming nafardan oshib ketishi kutilmoqda. O‘zbekistonda umr ko‘rish davomiyligi ham o‘sib, 2024 yilda 75,1 yilni tashkil etgan. Tadqiqotlarga ko‘ra, uzoq umr ko‘rishda faol hayot tarzi, ijtimoiy faollik va barqaror oila muhiti hal qiluvchi omillardan hisoblanadi.





