add

Neft narxi so‘nggi besh oylik cho‘qqisiga yetdi: Yaqin Sharqdagi urush xavfi ta’sir qilmoqda

20.06.2025 | 08:1545984

Isroil va Eron o‘rtasidagi keskinlik qayta neft bozoriga ta’sir qildi — Brent navli neft narxi barreliga 79 dollardan oshdi. Bunday daraja so‘nggi besh oyda ilk bor kuzatilmoqda.

Neft narxi so‘nggi besh oylik cho‘qqisiga yetdi: Yaqin Sharqdagi urush xavfi ta’sir qilmoqda
19 iyun kuni Londondagi ICE Futures birjasida Brent neftining avgust oyi uchun fyucherslari 3,05 foizga qimmatlashdi va 1 barrel uchun 79,04 dollar darajasiga yetdi. Bu ko‘rsatkich oxirgi marta 23 yanvar kuni qayd etilgan edi. Kechga tomon ko‘rsatkich biroz pasayib, 78,16 dollarga tushdi. Umuman, Brent nefti narxi joriy oy boshidan beri 25 foizga yaqin o‘sgan. Narxlar o‘sishiga asosiy omil sifatida Isroil va Eron o‘rtasida 13 iyundan boshlab avj olgan harbiy to‘qnashuv ko‘rsatilmoqda. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu ushbu urushning maqsadi Eronning yadroviy infratuzilmasi, ballistik raketa ishlab chiqarish ob’ektlari va harbiy salohiyatini yo‘q qilish ekanini ma’lum qilgan. Eron esa Isroilga qarshi raketalar va dronlar bilan javob zarbalari berdi. Goldman Sachs tahlilchilari geosiyosiy xavfning Brent nefti narxiga 10 dollarlik ta’siri mutlaqo asosli ekanini ta’kidlamoqda. Ular hatto narx 90 dollardan ham oshib ketishi mumkinligini istisno qilmayapti. Bu faqat Eron eksporti kamaygani emas, balki Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi ehtimoliy uzilishlar bilan bog‘liq. Price Futures Group kompaniyasi katta tahlilchisi Fil Flinnning ta’kidlashicha, agarda vaziyat yengillashsa ham, Brent narxi yaqindagi 60 dollarlik darajaga qaytib tushishi qiyin. U bozor hanuz geosiyosiy xavflarni to‘liq inobatga olmaganini ta’kidlamoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, Eron OPEC a’zolari orasida uchinchi yirik ishlab chiqaruvchi hisoblanadi va kuniga taxminan 3,3 mln barrel neft qazib oladi. Uning janubiy sohilidagi Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kuniga 18–21 mln barrel neft va neft mahsulotlari o‘tadi. Urush oqibatida ushbu yo‘nalishning yopilishi butun jahon energetika bozorida keskin o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid