
Nepalda yoshlar Discord ijtimoiy tarmog‘ida yangi rahbarlar saylashmoqda
13.09.2025 | 11:0017034
Bosh vazir iste’foga chiqdi, armiya nima qilishni bilmay qoldi, mamlakat taqdiri esa internetda hal bo‘lmoqda — Nepal tarixida birinchi «raqamli parlament» paydo bo‘ldi.

Nepalda ijtimoiy tarmoqlarni bloklashga urinish mamlakat bo‘ylab yoshlar qo‘zg‘olonini keltirib chiqardi. Natijada, bosh vazir doxil bir necha vazirlar, parlament deputatlari iste’foga chiqdi, Katmandu ko‘chalariga harbiylar chiqdi. Ammo eng ajablanarlisi shundaki, hozirda davlatning kelgusi rahbarini belgilash jarayoni Discord platformasida ketmoqda, deb yozmoqda The New York Times.
Hamma narsa Hami Nepal deb nomlangan faollar guruhi tuzgan maxsus serverdan boshlandi. Besh kunda unga 100 mingdan ziyod odam qo‘shildi. Bu yerda ovozli, video va matnli muhokamalar orqali davlat boshqaruviga oid fikrlar bildirilmoqda. Televideniye va media ham bu muhokamalarni ko‘rsatishga majbur bo‘ldi — chunki hozirda haqiqiy siyosiy muhokamalar shu yerda.
Armiya hatto server ishtirokchilariga murojaat qilib, vaqtincha rahbar lavozimiga nomzod taklif qilishlarini so‘radi. Yuzlab nomzodlar orasida sobiq Oliy sud raisi Sushila Karki ko‘pchilik ovozini oldi. Karki prezident Ram Chandra Pudel va armiya bosh qo‘mondoni Ashok Raj Sigdel bilan uchrashuv o‘tkazgan.
Shu bilan birga, muhokamalar ancha murakkab kechmoqda. Har kim serverga qo‘shilishi mumkin va bu radikal chaqiriqlar xavfini yuzaga keltirgan. Moderatorlar muntazam filtrlash ishlarini olib borishmoqda.
Eng qizig‘i, server administratorlari ichida maktab o‘quvchilari ham bor. Trollar, tashqi davlatlardan ta’sirlar bloklanib turibdi.
Mutaxassislar bunday keng miqyosli Discord faoliyatini tarixda ilk bor kuzatayotganini ta’kidlamoqda. Bu uzoq muddatli siyosiy tizim bo‘lishi qiyin, deyishsa-da, ko‘plab nepalliklar uchun mazkur raqamli muhokamalar birinchi marta xalq ovozi eshitilgan joy sifatida ahamiyat kasb etmoqda.





