
Nestle zaharli modda sabab O‘zbekistondagi bolalar ozuqalarini qaytarib olmoqda
Nestle kompaniyasi O‘zbekiston bozoridagi bolalar uchun mo‘ljallangan quruq sut aralashmalarining ayrim partiyalarini tarkibida xavfli toksin bo‘lishi ehtimoli sababli ixtiyoriy ravishda qaytarib olishni boshladi.

«Nestle Food» MCHJ XK O‘zbekiston hududida bolalar ozuqasining ayrim cheklangan partiyalarini ixtiyoriy ravishda qaytarib olishni boshladi. Bu ehtiyot chora maqsadida amalga oshirilmoqda.
Qaytarib olinayotgan mahsulotlar tez eruvchan sutli va nordon sutli quruq aralashmalar, shuningdek aminokislotalar asosidagi maxsus davolovchi quruq aralashmalarning ayrim partiyalarini qamrab oladi.
Xususan, quyidagi mahsulotlar qaytarib olinmoqda:
NAN 1 OPTIPRO – ayrim partiyalar;
NAN 2 OPTIPRO – ayrim partiyalar;
NAN Kislomolochniy (0–12 oy) – 1 partiya;
NAN Supreme (0–12 oy) – 1 partiya;
ALFARÉ Amino – ayrim partiyalar.
Kompaniya xabariga ko‘ra, Nestle tashqi yetkazib beruvchidan olingan xomashyoda (araxidon kislotasi) sereulid toksini bo‘lishi mumkinligi bilan bog‘liq ehtimoliy xavfni aniqlagan. Shu sabab kompaniya global miqyosda ayrim partiyalarni ixtiyoriy qaytarib olishga qaror qilgan.
Ushbu ingrediyent miqdori juda kam bo‘lib, O‘zbekistonda oziq-ovqat mahsulotlarida sereulid toksini bo‘yicha normativ talab mavjud emas. Shunga qaramay, kompaniya ehtimoliy xavflarni oldini olish maqsadida 2026 yil 5-yanvardan boshlab mazkur chorani amalga oshirmoqda.
Qayd etilishicha, Nestle Food bu haqda tegishli regulyator organlarni xabardor qilgan va iste’molchilarga zarur ma’lumotlarni taqdim etishga tayyor.
Ko‘rsatilgan partiyalardagi mahsulotlarni xarid qilgan iste’molchilar ularni kompaniya belgilagan tartibda qaytarishlari mumkin. Qo‘shimcha ma’lumot olish uchun iste’molchilarni qo‘llab-quvvatlash xizmatiga +998 78 120 20 55 telefon raqami orqali murojaat qilish tavsiya etildi.
Ta’kidlanishicha, qaytarib olish amaliyoti faqat yuqorida ko‘rsatilgan cheklangan partiyalarga taalluqli bo‘lib, boshqa partiyalar va Nestle kompaniyasining O‘zbekistonda sotilayotgan boshqa bolalar ozuqasi mahsulotlariga tegishli emas.
Sereulid nima va u nima uchun xavfli?
Sereulid — bu Bacillus cereus bakteriyasi tomonidan ishlab chiqariladigan zaharli moddadir. Buyuk Britaniya Oziq-ovqat standartlari agentligining ogohlantirishicha, ushbu toksin:
• tez rivojlanuvchi qusish va oshqozon og‘rig‘iga sabab bo‘ladi.
• pishirish, qaynatilgan suvdan foydalanish yoki sut aralashmasini tayyorlash jarayonida parchalanmaydi va o‘z kuchini yo‘qotmaydi.
Mijozlar mahsulotning xavfli ekanini tekshirish uchun idishning pastki qismidagi seriya raqamini (batch code) kompaniya saytidagi ro‘yxat bilan solishtirishlari lozim. Nestle zarar ko‘rgan mijozlarga to‘langan mablag‘ni qaytarib berishni o‘z zimmasiga oldi.





