add

Netanyahu va arab davlatlari Trampdan Eronga zarbani kechiktirishni so‘ragan

Bugun 08:002 daqiqa

AQSHning Yaqin Sharqdagi ittifoqchilari Eronga ehtimoliy zarba mintaqaviy urushga aylanishidan xavotir bildirib, Vashingtonga diplomatik bosimni kuchaytirmoqda.

Netanyahu va arab davlatlari Trampdan Eronga zarbani kechiktirishni so‘ragan

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu AQSH prezidenti Donald Trampdan Eronga rejalashtirilayotgan harbiy zarbani kechiktirishni so‘ragan. Bu haqda amerikalik manbalarga tayanib «The New York Times» xabar berdi. Suhbat 14-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan va u Eron atrofidagi keskinlashgan vaziyatning muhim burilish nuqtasi sifatida baholanmoqda.

Manbalarga ko‘ra, shu kuniyoq Tramp «qarshi tomondan juda muhim axborot» olganini va Eronda namoyishchilarga nisbatan qatllar to‘xtatilganini ma’lum qildi. NYT talqiniga ko‘ra, aynan shu ma’lumot AQSH prezidentining harbiy ssenariydan vaqtincha voz kechishiga sabab bo‘lgan.

Netanyahu bilan bir vaqtda AQSHning boshqa mintaqaviy ittifoqchilari ham Vashingtonga o‘xshash signal yuborgan. Qatar, O‘mon, Misr va Saudiya Arabistonining yuqori lavozimli rasmiylari oxirgi ikki kun ichida AQSH rasmiylari bilan bog‘lanib, Eronga zarba butun Yaqin Sharqni qamrab oladigan mojaroga aylanishi mumkinligidan ogohlantirgan.

«Financial Times» esa so‘nggi kunlarda Netanyahuning odatdagidan farqli ravishda sukut saqlayotganiga e’tibor qaratdi. Gazeta manbalariga ko‘ra, Isroil rahbariyati Tramp davrida Eron masalasida «noyob imkoniyat darchasi» ochilganini anglab turibdi va Vashington ushbu yo‘nalishda tashabbusni Isroilga topshirishi mumkin.

Biroq mintaqadagi davlatlar uchun harbiy ssenariydan ko‘ra siyosiy barqarorlik ustuvor hisoblanadi. Ularning fikricha, AQSHning bevosita aralashuvi nafaqat Eron bilan, balki kengroq mintaqada uzoq muddatli beqarorlik xavfini kuchaytiradi. Shu sabab, diplomatik kanallar orqali vaqtdan yutish va bosimni pasaytirish hozircha eng maqbul yo‘l sifatida ko‘rilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid