add

Nihoyat mustaqil bo‘lgan ekologlar, O‘zbekiston U17 bilan xayrlashgan Ismoilov va ko‘p mol go‘shti iste’mol qilayotgan O‘zbekiston — 19-noyabr dayjesti

Bugun 22:252084

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Nihoyat mustaqil bo‘lgan ekologlar, O‘zbekiston U17 bilan xayrlashgan Ismoilov va ko‘p mol go‘shti iste’mol qilayotgan O‘zbekiston — 19-noyabr dayjesti

Ekologiya vazirligi Vazirlar Mahkamasidan mustaqil qo‘mitaga aylantirildi

Prezident farmoniga muvofiq, Ekologiya vazirligi Vazirlar Mahkamasi tarkibidan chiqarilib, uning o‘rnida mustaqil Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tashkil etildi. Yangidan tashkil etilgan qo‘mita Prezidentga bevosita hisobdor bo‘ladi va «Yashil makon», «Toza havo», «Chiqindidan holi hudud», «Eko-madaniyat», «Bio meros» kabi yirik ekologik dasturlarni amalga oshirish, o‘rmonlar maydonini kengaytirish, havo sifati va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish kabi vazifalarni bir markazdan muvofiqlashtiradi. Shuningdek, Turizm qo‘mitasi ham vazirlik tarkibidan ajralib, alohida organ sifatida faoliyat yuritadi. Qo‘mita huzurida mahalliy va xorijiy mutaxassislar ishtirokida «Ekoloyihalar fabrikasi» ochilishi belgilangan.

Prezidentning keyingi qarori bilan tuman va shahar ekologiya bo‘limlarini hokimlik tuzilmasiga o‘tkazish rejasi bekor qilindi. Ular mahalliy ijro organlaridan mustaqil holda ishlaydi va faqat Ekologiya qo‘mitasi oldida hisobdor bo‘ladi. Bu ekonazoratni kuchaytirish, manfaatlar tobe bo‘lib qolishining oldini olish va sohadagi shaffoflikni ta’minlash maqsadida amalga oshirildi.

«Bu – xalqaro amaliyot»: Hokimlik bozorlarda tasvirga olish pulli bo‘lishi bo‘yicha tushuntirish berdi

Toshkent shahar hokimligi bozorlarda videotasvirga olish uchun joriy etilgan 5 mln so‘mlik to‘lov faqat tijorat maqsadida pul topadigan kontent yaratuvchilarga taalluqli ekanini tushuntirdi. Oddiy xaridorlar, sayyohlar, talabalar, blogga shaxsiy videolar yozadiganlar va rasmiy jurnalistlar uchun hech qanday cheklov yoki to‘lov yo‘qligi aytildi.

Hokimlikka ko‘ra, to‘lov faqat reklama, integratsiya, klip, serial, hujjatli film, tijorat roliklari suratga oladigan yirik blogerlar va studiyalarga tatbiq etiladi. Bu amaliyot Istanbul, Parij kabi yirik shaharlarda ham qo‘llaniladi. Rasmiy yig‘ilgan mablag‘lar bozor infratuzilmasini rivojlantirishga yo‘naltirilishi, «shaxsiy manfaat» yoki «cho‘ntak sxemalari» bo‘lishi mumkin emasligi ta’kidlangan.

Islombek Ismoilov O‘zbekiston U17 bilan xayrlashdi

Islombek Ismoilov jahon chempionati 1/8 finalida Italiyaga 2:3 hisobidagi mag‘lubiyatdan keyin O‘zbekiston U17 termasi bilan uch yillik faoliyatini yakunlaganini ma’lum qildi. U Facebook orqali muxlislarga murojaat qilib, bu yillar davomidagi mehnat, g‘alabalar va mag‘lubiyatlar jamoa bilan birgalikda kechganini, bu vazifani sharaf va mas’uliyat deb bilganini ta’kidladi. Ismoilov Osiyo chempionligini ushbu avlod jasorati va mehnatining natijasi sifatida e’tirof etdi.

Murabbiy tanlovlarda adolat va halollikka amal qilganini, terma jamoaga chaqiriqlar faqat mehnat va munosiblik asosida berilganini qayd etdi. U muxlislarga, rahbariyatga va jamoaga minnatdorlik bildirib, bu holatni yakun emas, balki o‘zining yangi bosqichi boshlanishi sifatida baholadi.

O‘zbekiston 2030 yilgacha o‘rtachadan yuqori daromadli davlatlar safiga kiradi

Jamshid Qo‘chqorov ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston uzoq muddatli barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga qaratilgan islohotlar tufayli 2030 yildan avvalroq «o‘rtachadan yuqori daromadli davlatlar» qatoriga kirishi mumkin. 2025 yilda YAIM 140 mlrd dollardan oshishi, aholi jon boshiga YAIM 3700 dollarni tashkil etishi kutilmoqda. Agar hozirgi o‘sish sur’ati saqlansa, 200 mlrd dollarlik YAIM ko‘rsatkichiga 2030 yil emas, balki 2026 yildayoq yetib borish ehtimoli ma’lum qilindi.

Vazirga ko‘ra, inflatsiya 8 foizga tushgan va yil yakunigacha yana pastlashadi, 2026 yilda esa 7 foizdan kam bo‘lishi rejalashtirilgan. Shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro moliya bozorlaridagi imiji yaxshilanib, Fitch reytinglari «BB-»dan «BB»ga ko‘tarilgani, Moody’s va S&P tomonidan «ijobiy» prognoz berilgani ta’kidlandi.

O‘zbekiston jahonda eng ko‘p mol go‘shti iste’mol qilayotgan davlatlar orasida

O‘zbekistonda aholi jon boshiga mol go‘shti iste’moli 30,8 kgni tashkil etmoqda va bu ko‘rsatkich mamlakatni jahon reytingida yuqori o‘rinlarga chiqarib turibdi. BMT FAO ma’lumotlariga ko‘ra, mol go‘shti yeyish bo‘yicha Argentina (46 kg) va Zimbabve (44,4 kg) yetakchi bo‘lsa, O‘zbekiston Braziliya va Isroildan keyingi o‘rinlarda qayd etilgan. Markaziy Osiyoda ham O‘zbekiston mol go‘shti iste’moli bo‘yicha birinchi o‘rinda, undan keyin Turkmaniston (25,1 kg), Tojikiston (24,9 kg) va Qozog‘iston (24,8 kg) joylashgan.

Umumiy go‘sht iste’molida O‘zbekistonning ko‘rsatkichi 42,4 kg bo‘lib, mintaqada Qozog‘iston va Turkmanistondan keyin uchinchi o‘rinda. Tovuq go‘shti bo‘yicha mamlakatda iste’mol juda past — 6,38 kg (Qozog‘istonda 21,8 kg), qo‘y va echki go‘sht bo‘yicha esa 4,8 kg bilan Markaziy Osiyoda eng past ko‘rsatkich qayd etilgan. Mutaxassislar bu tafovutlarni mamlakatlarning iqtisodiy imkoniyatlari, iqlim sharoiti va tarixiy ovqatlanish an’analari bilan bog‘lashmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

Nihoyat mustaqil bo‘lgan ekologlar, O‘zbekiston U17 bilan xayrlashgan Ismoilov va ko‘p mol go‘shti iste’mol qilayotgan O‘zbekiston — 19-noyabr dayjesti | Vaqt.uz