add

NKMK 2025 yilning birinchi yarmida qariyb 48 tonna oltin ishlab chiqardi

11.07.2025 | 08:004343

«Navoiy kon-metallurgiya kombinati» AJ 2025 yilning birinchi yarim yilligida barqaror o‘sishni ta’minladi. Oltin ishlab chiqarish, investitsiya faoliyati va ijtimoiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha natijalar kombinatning sohadagi yetakchi mavqeini yanada mustahkamladi.

NKMK 2025 yilning birinchi yarmida qariyb 48 tonna oltin ishlab chiqardi
2025 yil 10 iyul kuni «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» AJ 2025 yilning birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan ishlarning asosiy natijalarini e’lon qildi. Unga ko‘ra, kombinat hisobot davrida 60,8 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqargan va bu ko‘rsatkich 2024 yilning shu davriga nisbatan 101,4 foizlik o‘sishni tashkil qilgan. Ishlab chiqarilgan oltin miqdori 1537,6 ming troya unsiyasi (47,827 tonna)ni tashkil etib, o‘tgan yilgi 1516,8 ming troya unsiyasiga teng ko‘rsatkichdan yuqori bo‘ldi. Shu bilan birga, kombinat investitsiya dasturi doirasida 219,5 mln dollarlik mablag‘ni o‘zlashtirdi hamda 1190 ta yangi ish o‘rni yaratdi. Mahsulot tannarxini 1,8 trln so‘mga kamaytirish maqsadida xarajatlarni optimallashtirish bo‘yicha choralar amalga oshirildi. Shu bilan birga, mahalliylashtirish dasturi doirasida 757,5 mlrd so‘mlik mahalliy mahsulotlar ishlab chiqarildi. Shuningdek, tarmoqlararo kooperatsiya doirasida 3,6 trln so‘mlik mahsulot xarid qilindi. 2025 yil fevral oyida «Sustainable Fitch» agentligi tomonidan «NKMK» AJga ilk bor ESG reytingining «3»-darajasi berildi. Bu kombinatni O‘zbekistonda ESG bahosi olgan birinchi kon-metallurgiya kompaniyasiga aylantirdi. Mazkur reyting shaffoflik va barqaror rivojlanish bo‘yicha xalqaro talablarga muvofiqligini tasdiqlaydi. Shuningdek, 2024 yil yakunidagi davlat organlari va tashkilotlar faoliyati bo‘yicha reytinglarda «NKMK» AJ 96 ball bilan korrupsiyaga qarshi kurashishda birinchi o‘rinni egalladi. Ochiqlik indeksi bo‘yicha ham 89,2 ball to‘plab, uch yil ketma-ket eng samarali tashkilotlar qatorida qoldi. Aksiyadorlik jamiyatlari orasida esa 3-o‘rinni egalladi.

Teglar

Mavzuga oid

NKMK 2025 yilning birinchi yarmida qariyb 48 tonna oltin ishlab chiqardi | Vaqt.uz