
NKMK va «Navoiyuran» davlat korxonasiga jamoatchilik so‘rovi kiritildi
02.07.2025 | 15:2027793
Jamoatchilik nazorati fuqarolik jamiyatining ajralmas qismi sifatida davlat va jamoat tashkilotlari o‘rtasida samarali hamkorlikka xizmat qilmoqda. Bu orqali ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy masalalar kun tartibiga chiqarilib, hal etib boriladi.

O‘zbekiston Respublikasining «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi qonunida jamoatchilik nazoratining turli shakllari belgilangan. Ular qatorida davlat organlariga murojaatlar va so‘rovlar, jamoatchilik muhokamasi, eshituvlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari orqali davlat organlari mansabdor shaxslarining hisobotlarini eshitish kabilar mavjud. Jamoatchilik nazorati davlat tashkilotlari faoliyatida ochiqlik va oshkoralikni ta’minlashda muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi.
Shu jihatdan, O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan yirik korxonalarda jamoatchilik so‘rovlari o‘tkazilmoqda.
Xususan, «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» AJ va «Navoiyuran» davlat korxonasida ishlab chiqarish, ekologik va sanitariya-gigiyenik talablarga rioya etilishi, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati, atrof-muhit muhofazasi hamda xavfsizlik choralari yuzasidan iste’molchilar fikri o‘rganildi. So‘rov natijalari kelgusida jamoatchilik eshituvini tashkil etishga asos bo‘lib xizmat qiladi.
bugungi kunda mamlakatimizda fuqarolarning faol pozitsiyasi shakllanib, jamiyatdagi har bir jarayonga munosabat bildirish istagi ortib bormoqda. Shu sabab korxona va tashkilotlar o‘z faoliyatlarini jamoatchilik bilan yaqin hamkorlikda, ochiqlik va oshkoralik tamoyillari asosida tashkil etishi zarur. Bu nafaqat jamoatchilik ishonchini mustahkamlaydi, balki korxonalarning barqaror rivojlanishiga ham xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun, «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» jahonning oltin ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi to‘rt kompaniyasi qatoriga kiradi va Markaziy Osiyodagi eng yirik oltin qazib oluvchi korxona hisoblanadi.





