
Nodavlat tashkilotlar faoliyatiga noqonuniy aralashganlar endi jarima to‘laydi
24.08.2025 | 20:3024053
O‘zbekistonda nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatiga noqonuniy aralashganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi.
Qonunchilik palatasi tomonidan 15 aprelda qabul qilingan va Senatda 30 aprelda ma’qullangan hujjat bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgarish va qo‘shimchalar kiritildi. Unga ko‘ra, davlat organlari mansabdor shaxslari nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyatiga noqonuniy aralashsa, BHMning 7 barobaridan 10 barobarigacha — 2,88 mln so‘mdan 4,12 mln so‘mgacha jarima belgilandi.
Agar shunday huquqbuzarlik bir yil ichida takrorlansa, jarima miqdori yanada oshiriladi. Bunday holda, BHMning 10 barobaridan 15 barobarigacha, ya’ni 4,12 mln so‘mdan 6,18 mln so‘mgacha jarima solinadi.
Shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlari (diniy tashkilotlar bundan mustasno) hamda ularning filiallari davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan faoliyat yuritgan taqdirda qo‘llanadigan jarima miqdori qayta ko‘rib chiqildi. Endi bunday holatda BHMning 15–25 barobari (6,18 mln so‘mdan 10,3 mln so‘mgacha) miqdorda jarima belgilanadi. Ilgarigi tartibda esa yuqori miqdor 30 barobar, ya’ni 12,36 mln so‘mga teng edi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, qonunning qabul qilinishi nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini qonuniy himoya qilish, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash, davlat organlari bilan munosabatlarda tenglik va erkinlikni mustahkamlashga qaratilgan muhim qadam hisoblanadi.





