add

Nogironligi bo‘lganlar uchun moliyaviy xizmatlar yanada qulaylashadi

Bugun 13:551342 daqiqa

Markaziy bank va Ijtimoiy himoya milliy agentligi inklyuziv moliyaviy muhitni shakllantirish bo‘yicha hamkorlikni boshladi.

Nogironligi bo‘lganlar uchun moliyaviy xizmatlar yanada qulaylashadi

2025 yil 17-dekabr kuni Markaziy bank hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi o‘rtasida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun moliyaviy ommaboplikni oshirishga qaratilgan «Chora-tadbirlar rejasi» imzolandi. Hujjat aholining ushbu qatlami uchun moliyaviy xizmatlardan teng va qulay foydalanishni ta’minlashga qaratilgan.

Rejada, avvalo, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun moliyaviy xizmatlardan foydalanishda mavjud shart-sharoitlarni har tomonlama o‘rganish ko‘zda tutilgan. Bu jarayonda bank binolari, xizmat ko‘rsatish nuqtalari, raqamli platformalar hamda axborotga kirish imkoniyatlari tahlil qilinadi. Aniqlangan muammolar asosida sohani rivojlantirish bo‘yicha metodologik asoslar shakllantiriladi.

Hujjat bank infratuzilmasini jismoniy ehtiyojlarni inobatga olgan holda moslashtirishni ham nazarda tutadi. Xususan, xizmat ko‘rsatish joylarida qulay harakatlanish imkoniyatini yaratish, axborot materiallarini turli formatlarda taqdim etish hamda mijozlar bilan ishlash jarayonlarini takomillashtirish rejalashtirilgan.

Chora-tadbirlar rejasining yana bir muhim yo‘nalishi moliyaviy savodxonlikni oshirish hisoblanadi. Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus o‘quv materiallari ishlab chiqilib, ularning ehtiyojlariga mos holda tayyorlanadi. Bu esa moliyaviy qarorlar qabul qilishda mustaqillikni oshirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, moliyaviy tashkilotlar uchun nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash va ularga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha alohida yo‘riqnomalar ishlab chiqilishi belgilangan. Mutaxassislar fikricha, mazkur hujjatni amalga oshirish inklyuziv moliyaviy tizimni shakllantirish va barcha aholi qatlamlari uchun teng imkoniyatlarni ta’minlash yo‘lida muhim qadam bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 2029 yilgacha 55 ta hududiy ijtimoiy xizmatlar markazi tashkil etilib, nogironlar, keksalar va bolalarga kompleks xizmatlar ko‘rsatilishi haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid

Nogironligi bo‘lganlar uchun moliyaviy xizmatlar yanada qulaylashadi | Vaqt.uz