
Nogironlik pensiyalari endi avtomatik tarzda tayinlanadi
29.05.2025 | 12:2013773
2025 yil 1 iyuldan boshlab O‘zbekistonda pensiya va kompensatsiya tayinlash tartibi yanada soddalashtiriladi. Prezident qaroriga ko‘ra, endi ayrim toifadagi fuqarolarga murojaatsiz, avtomatik tarzda davlat yordamlari beriladi.

Qarorga muvofiq, birinchi va ikkinchi guruh nogironligi belgilangan shaxslarga pensiya tayinlash uchun alohida ariza talab etilmaydi. Bunday hollarda davlat pensiyasi proaktiv tarzda tayinlanadi, ya’ni tizim avtomatik ravishda uni hisoblab chiqaradi. Shu bilan birga, fuqarolar bunday tayinlangan pensiyani rad etish huquqiga ega bo‘ladi.
Bundan tashqari, ko‘rish qobiliyati bo‘yicha birinchi guruh nogironligi bor shaxslarga, shuningdek, yadroviy poligonlar va radiatsiya manbalarida xizmat qilgan shaxslarga ham kompensatsiyalar elektron ma’lumotlar asosida avtomatik tarzda belgilanadi.
Qarorga ko‘ra, nogironlik pensiyasi tayinlanganidan keyin kamida bir yil ish stajiga ega bo‘lgan fuqarolar uchun pensiya miqdori har ikki yilda avtomatik tarzda qayta hisoblanadi. Bu o‘zgarish fuqarolarga o‘z huquqlarini amalga oshirishda qo‘shimcha yengilliklar yaratadi.
2025 yil 1 oktyabrdan boshlab pensiyalarni na’d pulda berish jarayoni ham yangilanadi. Davlat pensiya ta’minoti va «Xalq banki» orqali amalga oshiriladigan to‘lovlar Face-ID orqali biometrik identifikatsiya hamda elektron imzo orqali rasmiylashtiriladi.





