add

Noma’lum treyder Maduroning hibsga olinishi ortidan 410 ming dollar daromad qildi

06.01.2026 | 13:152 daqiqa

Anonim akkaunt egasi «Polymarket»da Venesuela prezidentining qo‘lga olinishidan oldin bu bo‘yicha prognozlarga pul tikkan bo‘lgan.

Noma’lum treyder Maduroning hibsga olinishi ortidan 410 ming dollar daromad qildi

Noma’lum treyder Venesuela prezidenti Nikolas Maduroning lavozimidan chetlatilishi bilan bog‘liq voqealarga pul tikib, taxminan 410 ming dollar daromad oldi, deya xabar berdi «Reuters». Gap «Polymarket» bashorat bozorida amalga oshirilgan operatsiyalar haqida bormoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu treyder Maduroning hibsga olinishidan avval uning hokimiyatdan ketishi ehtimoliga qaratilgan shartnomalarda pozitsiyalarini kuchaytirgan. Hodisa oldidan bu garovlarning qiymati taxminan 34 ming dollarga teng bo‘lgan. Ammo AQSHning Venesuela yetakchisiga qarshi harbiy operatsiyasi haqida xabarlar tarqalgandan so‘ng, shartnomalar narxi keskin oshgan.

Dushanba kuni global moliya bozorlari ham ushbu yangiliklarga reaksiya qildi. Asosiy fond indekslari o‘sdi, neft narxlari ko‘tarildi. Energetika kompaniyalari aksiyalari esa sezilarli o‘sish qayd etdi. Shu bilan birga, Venesuela davlatining defolt holatidagi obligatsiyalari ham qimmatladi.

Xususan, hukumat va «Petroleos de Venezuela» tomonidan chiqarilgan obligatsiyalar bir dollar uchun 10 sentgacha yoki qariyb 30 foizga oshdi. Bu holat xavfni xush ko‘ruvchi investorlar siyosiy o‘zgarishlardan foyda olishga uringanini ko‘rsatadi.

Ushbu sirli savdo AQSH qonun chiqaruvchilari diqqatini ham tortdi. Ayrim kongress a’zolari bunday bashorat bozorlarida insayder axborotdan foydalanish xavfini kuchaytirishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Demokrat kongressmen Ritchi Torres saylangan amaldorlar, qonun chiqaruvchilar va federal xodimlarga muhim, ommaviy bo‘lmagan ma’lumotlarga kirish imkoniga ega bo‘lgan platformada pul tikishni taqiqlashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini tayyorlashini bildirdi.

Treyderning anonim akkaunti o‘tgan oy yaratilgani ma’lum bo‘ldi. U 27-dekabr kuni AQSHning Venesuelaga harbiy kirib borishi ehtimoliga bog‘liq shartnomalarni sotib olgan va keyingi kunlarda bu kabi garovlarni yana oshirgan.

Teglar

Mavzuga oid