
Nukusdagi portlash, energiya narxlarining inflyatsiyaga ta’siri va «Tolibon»ga qaytarilmaydigan vertolyotlar — 11 sentyabr dayjesti
11.09.2025 | 22:00294511
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Prezident kriptovalyuta orqali to‘lovlarni sinovdan o‘tkazish topshirig‘ini berdi
2025 yil 10 sentyabr kuni Shavkat Mirziyoyev moliyaviy texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha taqdimotda ishtirok etdi. Unda u kriptovalyuta singari raqamli aktivlarni amaliyotda sinash bo‘yicha radikal tashabbuslarni ilgari surdi. Prezident steyblkoynlarni to‘lov vositasi sifatida testdan o‘tkazish hamda qimmatli qog‘ozlarni tokenlashtirishni amalga oshirishni topshirdi.
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pakning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy bank bilan hamkorlikda kriptovalyuta va tokenlardan to‘lov sifatida foydalanish imkoni to‘liq o‘rganiladi. Bu loyiha orqali raqamli moliya vositalarining O‘zbekistondagi kelajagi aniqlanadi. Ekspertlar ushbu kriptovalyuta vositasini amaliyotdagi steyblkoyn sifatida baholamoqda.
Nukusda harbiy o‘quv mashg‘ulot paytida kichik portlash yuz berdi
10 sentyabr kuni Nukusdagi dala o‘quv maydonida amaliy mashg‘ulotlar chog‘ida kichik portlash yuz berdi. Portlash o‘quv mashg‘uloti uchun mo‘ljallangan portlovchi maxsus vositaning detonatsiya shnuri chaqnashi natijasida sodir bo‘lgan.
Natijada 10 ga yaqin harbiy xizmatchi turli darajada tan jarohatlari olgan. Jarohatlanganlarga o‘z vaqtida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan va ularning sog‘lig‘ini tiklash bo‘yicha zarur choralar ko‘rilgani ma’lum qilindi.
Milliy gvardiyaning ta’kidlashicha, hozirda harbiy xizmatchilarning salomatligi xavf ostida emas. Holat yuzasidan xizmat surishtiruvi tayinlangan va mutasaddi rahbarlar tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
O‘zbekistonda inflyatsiya darajasi pasaydi, biroq energiya narxlari ta’siri hanuz yuqori
Markaziy bank hisobotiga ko‘ra, O‘zbekistonda umumiy inflyatsiya darajasi o‘tgan oyga nisbatan 0,1 foizga pasayib, yillik ko‘rsatkich 8,8 foizga tushdi. Bazaviy inflyatsiya darajasi esa 7,6 foizni tashkil qilmoqda. Aholining avgust oyidagi inflyatsiya kutilmalari esa 12,2 foiz bo‘lgan edi. Odamlar asosan go‘sht va sut mahsulotlari, elektr va tabiiy gaz, benzin narxlari oshishidan xavotirda ekanligini ma’lum qilgan.
Ularning xavotirlari o‘rinli bo‘ldi, chunki avgustda bir nechta mahsulotlar haqiqatan qimmatlashdi. Xususan, oy davomida oziq-ovqat mahsulotlari o‘rtacha 0,6 foizga (o‘tgan yilning avgust oyida — 0,5 foiz), nooziq-ovqat mahsulotlari va xizmatlar 0,3 foizga oshdi. 2025 yil yanvar–avgust oylarida umumiy inflyatsiya darajasi o‘tgan yilga nisbatan pastroq shakllandi. Umumiy inflyatsiya ko‘rsatkichining o‘tgan yilga nisbatan 4,5 foizga pasayishi, joriy yilda energiya narxlari ta’siri o‘tgan yilga nisbatan pastroq ekani bilan izohlandi.
Markaziy bank yana asosiy stavkani o‘zgarishsiz qoldirdi — sabablar
O‘zbekiston Markaziy banki inflyatsiya xavflarini hisobga olib, asosiy stavkani 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi. Qaror inflyatsiya ko‘rsatkichlari, energiya tariflari ta’siri, ichki talab faolligi va jahon bozoridagi narxlar o‘sishi bilan izohlanmoqda.
Avgust oyida rasmiy inflyatsiya 8,8 foizgacha pasaygan bo‘lsa-da, tariflar va tashqi omillar narxlarni yuqori darajada ushlab turibdi. Milliy valyuta yil boshidan 3–4 foiz mustahkamlandi, eksport hajmi esa 20 foizga oshdi. Markaziy bank yil yakunida inflyatsiya 8,7 foizatrofida bo‘lishini prognoz qilmoqda.
«Tolibon»ga harbiy vertolyotlar qaytarilishi yolg‘on — O‘zbekiston TIV
Afg‘oniston matbuoti O‘zbekiston hukumati 2021 yil avgust oyida olib o‘tilgan harbiy vertolyotlarni Afg‘onistonga qaytarishga rozi bo‘lgani haqida xabar berdi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burxanov bu xabarlarni rad etib, ularni «feyk» deb atadi. (https://vaqt.uz/2025/09/11/tolibonga-harbiy-vertolyotlar-qaytarilishi-yolghon-ozbekiston-tiv/)«Tashqi ishlar vaziri matbuot kotibi bu kabi xabarlarni haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ta’kdlab, rad etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston pozitsiyasi o‘zgarishsiz qolgan, bu yangiliklar — fake news», — dedi vazirlik rasmiysi.
Avvalroq, The Kabul Times nashri Afg‘oniston muvaqqat hukumatining rasmiy vakili Zabihulloh Mujohidga tayanib, O‘zbekiston Afg‘onistonga 57 ta harbiy vertolyotni qaytarishga rozi bo‘lganini yozdi.
«57 ta harbiy vertolyotning topshirilishi tez orada amalga oshishi kutilmoqda va Afg‘oniston havo kuchlarini qayta qurish, shuningdek, ikki qo‘shni davlat o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashda muhim qadam bo‘ladi», — deya Mujohid so‘zlarini keltiradi nashr.
37 yil deganda ilk marta: O‘zbekistonda 2026 yil aholi ro‘yxatdan o‘tkaziladi
O‘zbekistonda 2026 yil 15 yanvardan 28 fevralga qadar aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatdan o‘tkazish tadbirlari o‘tkaziladi. Uning dastlabki 17 kuni internet orqali, keyingi bir oy mobaynida esa «mahalla yettiligi» ishtirokida uyma-uy yurib amalga oshirilishi belgilanmoqda. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 11 sentyabr kuni aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish ishlarini samarali tashkil etishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishish chog‘ida ma’lum bo‘ldi.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonda umummilliy ro‘yxatga olish oxirgi marta 1989 yilda o‘tkazilgan. So‘nggi yillarda bu yo‘nalishda qator ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, «Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida» qonun qabul qilinib, aholini har 10 yilda, qishloq xo‘jaligini esa har 5 yilda kamida bir marta ro‘yxatdan o‘tkazish belgilangan.





