add

Nurmat Otabekov: «Toshkent viloyatida 700 nafarga yaqin bola shoshilinch davolanmoqda»

27.09.2025 | 12:2218124

Ommaviy zaxarlanish holati qayd etilgan Toshkent viloyatida bolalarga tibbiy yordam ko‘rsatish davom etmoqda.

Nurmat Otabekov: «Toshkent viloyatida 700 nafarga yaqin bola shoshilinch davolanmoqda»
Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov ma’lum qildi. Uning so‘zlari Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati orqali e’lon qilindi. Otabekovning ta’kidlashicha, so‘nggi kunlarda bemorlar va ular bilan aloqada bo‘lgan bolalardan iborat 1922 nafar o‘g‘il-qiz tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. Ulardan 959 nafarida klinik belgilari kuzatilmagani sababli uyiga javob berilgan. Ilgari ma’lum qilinganidek, vrachlar nazoratida 960 nafardan ziyod bemor qolmoqda. Ularning 940 nafaridan ko‘prog‘i yengil, 22 nafari esa o‘rta og‘irlikdagi holatda ekani qayd etilgan edi. Shu kungacha davolanib, sog‘aygan 269 nafar bola shifoxonadan chiqarilgan. Shanba kuni yana 421 nafar bolani uyiga javob berish rejalashtirilgan.
«Bolalarga malakali tibbiy va konsultatsion yordam ko‘rsatish maqsadida Toshkentdagi 17 ta ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasasi va markazidan 100 nafardan ortiq olim, mutaxassis va professor jalb etilgan. Ular tomonidan davolash jarayonlari zamonaviy standartlarga muvofiq amalga oshirilmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshida tashkil etilgan operativ shtab xulosasiga ko‘ra, bolalarda aniqlangan kasallik — shoshilinch gastroenterit. U og‘ir yoki hayot uchun xavfli xastaliklar toifasiga kirmaydi va asoratlarsiz kechmoqda», — dedi Nurmat Atabekov.
Uning aytishicha, bolalar bog‘chalari tarbiyalanuvchilari viloyatdagi 7 ta shifoxonada davolanmoqda va jarayonda ijobiy dinamika kuzatilmoqda, bolalar tez tuzalib bormoqda.
«Yaqin kunlarda barcha bolalar to‘liq sog‘ayib, uylariga qaytishi kutilyapti. Vazirlik huzurida maxsus shtab tashkil etilgan bo‘lib, u har uch soatda videokonferensiya shaklida viloyat shahar va tumanlarida olib borilayotgan davolash-profilaktika ishlarini muhokama qilib boradi», — dedi u.
Otabekovning qo‘shimcha qilishicha, hozirgi kunda qo‘mita joylarda epidemiologik surishtiruv va namunalarni laboratoriya tahlilini davom ettirmoqda. Uning ta’kidlashicha, shifoxonalarda dori-darmon zaxirasi yetarli. Tergov natijalariga ko‘ra aybdorlarga nisbatan chora ko‘riladi. «Har bir bolaning sog‘ligi davlat nazoratida. Vaziyat barqarorlashmoqda», — deya ishontirdi Nurmat Otabekov.

Teglar

Mavzuga oid

Nurmat Otabekov: «Toshkent viloyatida 700 nafarga yaqin bola shoshilinch davolanmoqda» | Vaqt.uz