add

Nurmat Otabekov: «Toshkent viloyatida zaharlangan bolalar uylariga qaytmoqda»

30.09.2025 | 17:4023174

Toshkent viloyatidagi bog‘chalarda sodir bo‘lgan zaharlanish holatidan so‘ng shifoxonalarga yotqizilgan bolalarning deyarli barchasi sog‘ayib uylariga javob berildi. 2 oktyabrdan bog‘chalar faoliyati tiklanadi.

Nurmat Otabekov: «Toshkent viloyatida zaharlangan bolalar uylariga qaytmoqda»
Toshkent viloyatida maktabgacha ta’lim muassasalarida zaharlanishdan so‘ng shifoxonalarga yotqizilgan bolalarning asosiy qismi oilasi bag‘riga qaytdi. Sog‘liqni saqlash vazirligidagi maxsus shtab a’zosi Nurmat Otabekovning ma’lum qilishicha, hozirda faqat uch nafar bola shifokorlar kuzatuvida qolmoqda. «Ular asosiy holatdan to‘liq sog‘aygan bo‘lib, davolash jarayonida ularda oldindan mavjud kasalliklar aniqlangani sababli, qo‘shimcha tibbiy kuzatuv ostida qoldirilgan. Bu bolalarning ham ahvoli barqaror va yaqin kunlarda uylariga javob beriladi. Shunday qilib, tibbiy tadbirlar to‘liq yakunlandi, shifoxonalar esa o‘zining odatiy ish faoliyatiga qaytdi», dedi u. Shu bilan birga, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik qo‘mitasi mamlakat bo‘ylab barcha ta’lim muassasalarida ovqatlanish xizmatlari ustidan nazoratni kuchaytirayotgani qayd etildi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi 2 oktyabrdan viloyatdagi barcha bog‘chalar o‘z faoliyatini odatiy ish rejimida davom ettirishini ma’lum qildi. Bayonotga ko‘ra, nazorat mexanizmlari kuchaytiriladi va ayrim bog‘chalarda autsorsing asosida ishlayotgan ovqatlanish xizmatlariga qo‘shimcha talablar qo‘yiladi. Vazirlik ta’kidlashicha, shartnomalarda sanitariya me’yorlariga qat’iy amal qilish belgilangan bo‘lib, bu talablarga rioya etilmagan taqdirda shartnomalar qayta ko‘rib chiqiladi yoki bekor qilinadi. Shuningdek, xizmatlar sifati ustidan nazorat ota-onalar, ekspertlar va jurnalistlardan iborat jamoatchilik komissiyasi ishtirokida amalga oshiriladi. Mazkur choralar nafaqat mavjud holatni bartaraf etishga, balki kelgusida bu kabi holatlarning oldini olishga ham qaratilgan. Vazirlik prokuratura, iqtisodiyot va moliya hamda sog‘liqni saqlash idoralari bilan hamkorlikda barcha zarur ishlar bajarilishini ma’lum qildi.

Teglar

Mavzuga oid

Nurmat Otabekov: «Toshkent viloyatida zaharlangan bolalar uylariga qaytmoqda» | Vaqt.uz