add

Nyu York meri bilan «otamlashgan» o‘zbekistonlik tadbirkor kim va u nimalarga aralashgan?

26.05.2025 | 13:4532296

FBR Nyu-York meri Erik Adams va o‘zbekistonlik Tolib Mansurov o‘rtasidagi munosabatlarni fosh etdi. Ushbu aloqalar ortida siyosiy homiylik, pul yuvish va O‘zbekistonning xalqaro imijini yaxshilashga qaratilgan hujjatlar aniqlangan.

Nyu York meri bilan «otamlashgan» o‘zbekistonlik tadbirkor kim va u nimalarga aralashgan?
Amerika Qo‘shma Shtatlari Federal Qidiruv Byurosi (FQB) agentlari Nyu York meri Erik Adams va o‘zbekistonlik tadbirkor Tolib Mansurov o‘rtasidagi turli yozishmalar va shubhali munosabatlarni aniqladi. «The City» nashriga ko‘ra, Mansurov Adams uchun saylov kompaniyasiga noqonuniy mablag‘ to‘plashda ishtirok etgan va evaziga shahar ma’muriyatida turli imtiyozlarga erishgan. Tergov hujjatlarida Adams o‘zbeklar bayrog‘ini ko‘tarish marosimini tashkil etgani, o‘zbek yetakchilari uchun shahar hokimiyatida tadbir uyushtirgani va Mansurovning qurilish sohasidagi muammolarini hal etgani aytiladi. Mansurov AQSH va O‘zbekiston fuqarosi bo‘lib, BMTdagi O‘zbekiston missiyasi bilan doimiy aloqada bo‘lgan va Kiprda ro‘yxatdan o‘tgan kompaniya orqali millionlab dollar mablag‘ni pul yuvish sxemasi orqali harakatlantirgan. Mansurov hozircha jinoyatda ayblanmagan, ammo agar unga nisbatan ayblov qo‘yilsa, yengillik berilishi umidida tergovchilar bilan hamkorlik qilishga rozi bo‘lgan. Prokurorlar bilan suhbatda u pul yuvish ayblovini rad etgan, ammo Adams uchun o‘n minglab dollar mablag‘ to‘plaganini tan olgan. Ayni paytda tergovchilar Tolib Mansurov Adamsdan shaxsan yordam so‘ragan hollarda qurilish departamenti tomonidan qo‘yilgan cheklovlar olib tashlanganini qayd etishgan. «Men sizni doim qo‘llab-quvvatlayman», — deb yozgan u Adamsga 2023 yil fevral oyida. Masala ortida faqat O‘zbekiston emas, balki Turkiya va Xitoy manfaatlari ham bor. Adams Turkiya rasmiylarining iltimoslarini bajargan, hatto Erdo‘g‘onga qarshi chiqishdan voz kechgan. Shuningdek, Xitoy diasporasi yetakchilari ham uning kompaniyasi uchun yuz minglab dollar yig‘ishgan. FQB va prokuraturaning bayonotiga ko‘ra, Mansurov o‘zining «United Elite Group» kompaniyasi orqali saylov kompaniyasi uchun mablag‘ yig‘ishda «soyali sxemalar»dan foydalangan. Ular orasida ishchilar nomidan pul o‘tkazib, keyin ularga naqd kompensatsiya berish holatlari ham qayd etilgan. 2024 yil may oyida Adamsning telefonlari musodara qilingach, u yangi telefon orqali Mansurovga: «Menga katta yordam kerak», — deb yozgan. Merning aytishicha, davlat homiyligiga ariza topshirish uchun 250 dollardan 1000 dona kichik donat yig‘ishi kerak bo‘lgan. Hujjatlarda Mansurov bu iltimosni bajarganmi-yo‘qmi noma’lum. Lekin uning kompaniyasi moliyaviy direktori Oybek Shokirov o‘sha oyning o‘zida 250 dollar xayriya qilgan. Bundan tashqari, Bahi ismli volontyor orqali Mansurovdan 10 ming dollar to‘plash so‘ralgan. Hozirda Bahi saylov kompaniyasiga oid soxta donorlar sxemasi bo‘yicha ayblovni tan olishga rozi bo‘lgani xabar qilingan. Shu yil boshida Nyu York sudi Adamsga nisbatan jinoiy ishni yopgan. Sudya Deyl Ho ishni qayta ochmaslik sharti bilan tugatgan. Adamsning saylovi 2025 yil noyabr oyiga belgilangan.

Teglar

Mavzuga oid